2022-yil 1-iyulda bo‘lib o‘tgan Turkmaniston Vazirlar mahkamasining yig‘ilishida transport va kommunikatsiyalar vaziri Mammetxon Chakiyev Bolqon viloyatidagi Jebel qishlog‘ida quriladigan Xalqaro aeroport haqidagi qaror taqdimotini o‘tkazdi. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” xabar qilgan.

Foto: Sputnik

Hujjatda Türkmenhowaýollary agentligi Gündogdy korxonasi bilan soatiga 100 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladigan Jebeldagi aerovokzal kompleksini qurish, shuningdek, hududni obodonlashtirish va aeroportga olib boradigan yo‘llarni, kommunikatsiya obyektlar barpo etish yuzasidan loyiha shartnomasini tuzish topshirig‘i berilgan.

Serdar Berdimuhamedov imzolagan qarorda qurilish ishlarini iyulda boshlash va 2024-yilda to‘liq bitkazgan holda foydalanishga topshirish belgilangan.

Turkmaniston Vazirlar mahkamasining 24-iyunda bo‘lib o‘tgan majlisida iqtisodiy masalalar bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Muhammetguli Muhammedov Jebeldagi xalqaro aeroportni moliyalashtirish ishlari haqida axborot bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihani amalga oshirish uchun kreditlar Abud-Dabi rivojlanish jamg‘armasi, Markaziy Bank hamda Tashqi iqtisodiyot banki mablag‘lari jalb qilinadi.

Shu bilan birga, sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bir yil avval Jebelga vertolyotda kelgan va shundan keyin aeroportni qurishga start berilgandi. Marosimda Serdar Berdimuhamedov ham ishtirok etgan. O‘shanda Turkmaniston davlat axborot agentligi yangi aeroportning umumiy maydoni 275 gektar bo‘lishi, u yerda 200 nafar xodim ishlashi haqida yozgan. Uchish-qo‘nish chiziqlarining uzunligi 3200 metrga teng bo‘ladi.

Turkmenistan GIF

“Uch yildan keyin shu yerda zamonaviy aeroport qad rostlagan bo‘ladi”, – degan obyekt poydevorini quyishni boshlab bergan Gurbanguli Berdimuhedov.

Aeroportni qurish uchun 75 million dollarlik kredit Abu-Dabi rivojlanish fondidan 9-iyunda qabul qilib olingan. Jamg‘arma bilan kredit kelishuvini Tashqi iqtisodiyot banki imzolagan va shartnoma bo‘yicha qarz 15 yil muddatga 3 yilga 4 foizlik imtiyoz bilan taqdim etilgan.