Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar paytida “Meni Qoraqalpoqqa bosh qilib, izimdan yurishingizni so‘rayman”, deya xalqni mitingga chorlagan jurnalist va bloger Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblanmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qilgan.

Tergovda aniqlanishicha, 2022-yil 1-iyul kuni soat 14:50 da “El xizmetinde” gazetasi muharriri va bloger Dauletmurat Tajimuratov Telegram’dagi “Makan.uz” kanali orqali videomurojaat yo‘llab, videomurojaatida fuqarolarni joriy yilning 5-iyul kuni soat 17:00 da Qoraqalpog‘iston Respublikasining ozodligini so‘rab Jo‘qorg‘i Kenges binosi oldida miting o‘tkazishga da’vat qilgan.

Dauletmurat Tajimuratov.

Foto: Telegram

Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlar orqali qonunga xilof ravishda miting uyushtirishga fuqarolarni da’vat qilganligi uchun 2022-yil 1-iyul kuni soat 15:30 da Dauletmurat Tajimuratov Nukus shahar IIO FMBga olib kelingan va ushlangan.

“Bloger Dauletmurat Tajimuratovning IIB xodimlari tomonidan ushlaganligini bilgan bir guruh shaxslar tartibsizliklar uyushtirib, uni ozod qilishni talab qilib Nukus shahridagi IIVga qarashli 2-sonli tergov hibsxonasiga va Nukus shahar IIO FMBga borgan. Keyinchalik 2022-yil 1-iyul kuni soat 17:30 da Nukus shahri markazidagi ‘Markaziy dehqon bozori’ MCHJ oldidagi avtomobil yo‘lida tartibsizliklar uyushtirishgan. Shundan keyin D.Tajimuratov Nukus shahar IIO va FMBdan ozod qilinib, chiqarib yuborilgan. Shunday bo‘lsa-da, D.Tajimuratov va uning tarafdorlari tartibsizliklarni yana davom ettirib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga va hokimiyatni bosib olishga ochiqdan ochiq da’vat qilishgan”, — deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, 2022-yil 2-iyul kuni soat 14:45 da Nukus tumanidan taxminan 300 nafar shaxs Nukus shahar tomon harakatlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, Nukus shahridagi blokpostda xizmat olib borayotgan 50 nafar Milliy gvardiya xodimining maxsus vositalarini (ratsiya, dubinka, kaska, shumovaya granata, shit) qo‘lga kiritgan.

“Shu kuni Xo‘jayli tumanidagi harbiy postga noma’lum shaxslar tomonidan hujum uyushtirilib, qurol-yarog‘ tortib olingan. Nukus xalqaro aeroportiga, Nukus shahridagi ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanuvchi Reabilitatsiya markaziga, Nukus shahar IIB   binosiga hujumlar uyushtirilgan”, — deyiladi mas’ul tashkilot axborotida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nukusdagi ommaviy tartibsizliklar oqibatida 500 dan ortiq fuqaro qo‘lga olingani xabar berilgandi.