AOKAda o‘tkazilgan brifingda Milliy gvardiyasi axborot xizmati rahbari Davron Jumanazarovning ma’lum qilishicha, 1—2 iyul kunlari ommaviy tartibsizliklar oqibatida 243 nafar fuqaro turli jarohatlar bilan shifoxonalarga murojaat qilgan.

Qayd etilishicha, ularning 149 nafariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, muolajalarni uyida davom ettirishga ruxsat berilgan. Hozirda kasalxonalarda jami 94 nafar bemor davolanmoqda. O‘gir ahvoldagi fuqarolar orasida huquq-tartibot idoralari xodimlari ham bor. Masalan, Milliy gvardiya Qoraqolpog‘iston Respublikasi bo‘yicha Qo‘riqlash boshqarmasi safdori ko‘krak qismidan o‘q otar jarohat olgan. Shu boshqarma yana bir safdori chap oyoq boldiri suyagi yopiq sinishi, 1 nafari Jizzax Milliy gvardiya boshqarmasi harbiy xizmatchisi bosh miya ochiq jarohati hamda Toshkent shahri Milliy gvardiya boshqarmasi serjanti bosh miya ochiq jarohati bilan davolanmoqda.

Bosh prokuratura axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tan jarohati olgan huquq-tartibot xodimlarining umumiy soni — 38 nafar. 18 nafar fuqaro vafot etgan.

Shuningdek, Respublikadagi barcha oziq-ovqat do‘konlari, bozorlar, non chiqaruvchi korxonalar, birja savdolari, banklar va bankomatlar, shifoxona va boshqa ijtimoiy soha obyektlari faoliyati to‘liq olib borilyapti. Aholiga elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi bir maromda yetkazib berilmoqda.