6-iyul kuni mahalliy va xorijiy OAV vakillari Nukus shahriga tashrif buyurib, iyul oyining dastlabki kunlarida bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklarni o‘rganishdi. Tadbirlarda “Daryo” muxbirlari Qoraqalpog‘istondagi voqealar qanday boshlangani haqida ma’lumot olishdi.

Milliy gvardiya markaziy devoni boshqarma boshlig‘i Zafar Alimov voqealarni boshlanishi haqida batafsil ma’lumot berdi.

1-iyul kuni soat 14:00 larda Dauletmurat Tojimuratov Nukus shahar Qumovul mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan Salmen Ota masjidi yonida juma namozini o‘qib chiqayotgan fuqarolarga murojaat qilib, 5-iyul kuni soat 17:00 da mitingga chiqish kerakligini ma’lum qiladi. Tojimuratov o‘zini qoraqalpoq eliga bosh qilib tayinlashini xalqdan so‘raydi.  Uning ushbu chaqirig‘i yozilgan videolavhalar tarafdorlari tomonidan internet tarmog‘iga joylashtiriladi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Dauletmurat Tojimuratov aholini mitingga chaqirish sababi, maqsadi nima ekanini aniqlash, miting o‘tkazish tartibini tushuntirish va profilaktik suhbat o‘tkazish maqsadida IIOga taklif qilingan. Shundan so‘ng 20-25 nafar fuqarolar Tojimuratov hibsga olindi deb, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirligi 2-sonli hibsxonasi oldida yig‘ilishadi va shahar markaziy dehqon bozori tomonga qarab yurishadi. Yo‘l-yo‘lakay ular fuqarolarni ham o‘zlari bilan yurishga chaqirib, qisqa vaqtda ularning soni 10 mingga yetadi.

Foto: “Daryo”

Shu fursatlarda fuqarolarni tinchlantirish maqsadida Jo‘qorg‘i Kenges raisi Murod Kamolov va boshqa rahbarlar yetib borib, ularni tinglashadi. U yerda aholidan nima talablari bor ekanligi so‘ralgan. Murod Kamolovga esa Tojimuratovni shu yerga olib kelishni aytishgan va Tojimuratov olib kelingan. Namoyishchilar Murod Kamolovning xizmat mashinasi ustiga Dauletmurat Tojimuratovni chiqarib, unga to‘n kiydirib, yangi rahbar deb e’lon qilmoqchi bo‘ladi.

Foto: “Daryo”

Dauletmurat Tojimuratov keyin Jo‘qori Kenges tomonga borishini aytadi, unga qo‘shilib boshqa ishtirokchilar ham u bilan birga borishini aytadi.

Foto: “Daryo”

Videolavhalarda ko‘rish mumkinki, ichki ishlar, Mudofaa, Milliy gvardiya va boshqa tegishli organ xodimlari tomonidan vaziyatni jilovlash bo‘yicha bino qo‘riqlovga olinadi. Shunday paytda namoyishchilar tomonidan ulardagi turli buyumlardan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga qo‘llash holatlari ham bo‘lgan. Videolavhalarda namoyishchilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga hujum qilib, ularga nisbatan kuch ishlatib, ularning maxsus buyumlarini olib qo‘yish holatlar ham aks etgan.

Foto: “Daryo”

Nukus voqealari xronologiyasi

1-iyul kuni soat taxminan 15:00 lardan boshlab Nukusda ayrim fuqarolar amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda ko‘cha yurishlarini tashkil qildi. Nukusning Markaziy dehqon bozorida to‘planib, namoyishlar uyushtirildi. Jamoat tartibining buzilishining oldini olish hamda fuqarolar tomonidan turli tartibbuzarliklarni sodir etishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida dehqon bozori hududiga huquqni muhofaza qilish organlarining kuch va vositalari jalb etildi.

Shavkat Mirziyoyev 2-iyul kuni Nukusga bordi va Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, Qoraqalpog‘iston faxriylari va faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda prezident Konstitutsiyaning Qoraqalpog‘istonga tegishli moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini aytdi. Qoraqalpog‘iston xalqiga murojaat qilib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi referendumdan keyingina qonuniy tusga kirishini aytib, fuqarolarning xohish-irodasi, taklif va fikrlaridan kelib chiqqan holda, ushbu loyiha o‘zgarib, takomiliga yetkazilishini ta’kidladi.

“Nega menga telefon qilib aytmading odamlar norozi bo‘layotganini? Menga ham Qoraqalpog‘istonning ertasi, tinchligi kerak”, — degan Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari hozirgi vaziyatda barcha fuqarolarni hamjihatlik va birdamlikka, oqilona ish ko‘rishga, turli g‘arazli chaqiriq va harakatlarga berilmaslikka da’vat etdi.

Shundan so‘ng  prezident farmoni bilan Qoraqalpog‘istonda 3-iyuldan 2-avgustgacha favqulodda holat joriy etilib, bir qator chora va vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatildi. Favqulodda holat amal qilishi davrida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi kuchlari va vositalari qo‘shimcha ravishda jalb etilishi belgilandi.

3-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev yana Nukusga borib, videoselektor o‘tkazdi. Tuman hokimlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot bergan. Davlat rahbarining murojaatidan keyin vaziyat barqarorlashgani, hayot o‘z maromiga qaytayotgani ma’lum qilindi.

4-iyul kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi “Meni Qoraqalpoqqa bosh qilib, izimdan yurishingizni so‘rayman”, deya xalqni mitingga chorlagan bloger Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblanayotganini ma’lum qildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududi komendanti, general mayor Rustam Jo‘rayev Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklarda 14 nafar fuqaro tartibsizliklar sodir bo‘lgan joyda turli darajadagi jarohatlardan vafot etgani, ulardan 13 nafari alkogol va giyohvand moddalar ta’sirida bo‘lganini ma’lum qildi. Shuningdek, xizmat burchini bajargan huquq-tartibot organlari xodimlaridan ham 4 nafari halok bo‘lgan.

Og‘abek Samisov va Madina Nurman, Toshkent—Nukus— Toshkent