2021-yilning mart oyida Jizzaxda joylashgan ADM Jizzakh korxonasida KIA avtomobillarini yirik uzelli yig‘ishning birinchi bosqichi tashkil etilgan.

Foto: UzDaily

Joriy yilning 5-iyulida avtomobil yig‘ish bo‘yicha KIA bilan qo‘shma loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilishi e’lon qilindi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabar berdi.

KIA Motors– Seul shahrida joylashgan eng yirik koreys avtomobil ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lib, u Hyundai Motor Group kompaniyalar guruhiga kiradi.

Ushbu bosqichda yillik ishlab chiqarish quvvatini 100 mingta avtomobilgacha oshirish va 3 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Ishlab chiqaruvchining rejalariga ko‘ra, mahalliylashtirish darajasi 30 foizga yetkaziladi, bu esa avtomobillarning narxiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shuningdek, mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlikda butlovchi qismlar ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.

Loyihaning birinchi bosqich qiymati 12,6 mln dollarni tashkil etgan. Korxonada 250 mutaxassis ish bilan ta’minlanib, unda KIA, Renault va Lada avtomobillari yig‘ilmoqda.

Ishlab chiqarish quvvati yiliga 25 ming mashinani tashkil etadi. Zavod ishga tushirilgandan buyon 6 mingdan ziyod avtomobil ishlab chiqarildi.

KIA’ning 8 ta modeli O‘zbekiston bozorida taqdim etilgan.

Avvalroq KIA O‘zbekistonda yangi Sportage avtomobilini sotishni boshlashi haqida xabar berilgandi.