Hayotda eng yaqin insonini yo‘qotishdan ortiqroq dard bo‘lmasa kerak. O‘zbek san’ati vakillari orasida ham umr yo‘ldoshidan erta ayrilganlar bor. Oradan necha yillar o‘tgan bo‘lishiga qaramay, ular turmush o‘rtoqlaridan ayrilgan kunini ko‘zyoshlarsiz eslay olmaydi.

Zohida Umarova: “Erim o‘lgach, qarindoshlarning ham munosabati o‘zgardi”

Yosh xonanda Yorqinxo‘ja Umarovning onasi Zohida Umarova ham bir paytlar mashhur xonanda bo‘lgan. Afsuski, turmush o‘rtog‘ining vafoti sabab san’atdan ketishga qaror qilgan. O‘g‘li Yorqinxo‘ja Umarov esa onasining armonlarini ro‘yobga chiqarishga ahd qilgan.

Foto: Skrinshot

— 1998-yilning 8-sentabr kuni tushdan keyin qattiq shamol bo‘ldi. Men oshxonada dadamiz yaxshi ko‘radigan baqlajonli ikra tayyorlayotgandim. Birdan ko‘tarilgan kuchli shamol hamma yerni alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi. Qaynonamga qarab “Yaxshi odam o‘ldi, shekilli”, dedim. Qaynonam gapimga hayron bo‘ldi. “Sentabrda bunday shamol bo‘lmasdi-da”, dedim. Yorqinxo‘ja 5 yoshda edi, bog‘chaga ketgandi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, dadamiz avtohalokatga uchrab vafot etgani haqida xabar keldi. Bir zumda uyimizga tumonat odam to‘plandi. Farzandlarim u paytda ancha yosh edi, ular otasining vafot etganini bilgani ham yo‘q. Men esa ko‘p o‘tmay yolg‘iz ayolga qanchalar qiyin bo‘lishini anglaganman. Turmush o‘rtog‘im vafot etgan kun mening baxtsizlik davrim boshlangan.

Eng alam qiladigani — yolg‘iz ayolga boshqacha munosabatda bo‘lishadi. Hatto qarindosh-urug‘larning ham munosabati o‘zgardi. Hatto erlarini qizg‘anadiganlar ham bo‘ldi. “Bu san’atkor-da”, deb yovqarash qilganlarni-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Farzandlarimni birovdan kam qilmaslik uchun hayotda ikki rolni o‘ynadim. Ya’ni ular uchun ham ona, ham ota bo‘ldim, — deydi Zohida Umarova.

G‘ayrat Usmonov: “O‘g‘lim har kuni ‘Onam qachon keladi?’ deb yig‘lardi”

“Kulsang” qo‘shig‘i bilan muxlislar qalbidan joy olgan xonanda G‘ayrat Usmonovning hayotida mudhish voqea sodir bo‘lgan. U avtohalokat sabab bir kunda mehribon ayolidan ayrilgan.

Foto: Instagram

— Rahmatli birinchi ayolim oqila, beruhsat ostona xatlab ko‘chaga chiqmaydigan inson edi. Bir kuni qo‘ng‘iroq qilib “Jiyanim bilan shifoxonaga borib kelsam maylimi? Menga sherik bo‘ling, deb iltimos qilyapti”, dedi. O‘ylab o‘tirmasdan yo‘q dedim, ammo 3-4 qadam yurgandan keyin “Bu ham kun bo‘yi uch bola, uy ishlari bilan ovora bo‘lib, ko‘chaga ham chiqmaydi. Mayli, boraqolsin, ko‘ngli yozilib keladi”, deb rozi bo‘ldim.

Ertasi kuni ertalab kiyimlarimni taxt qilib yonimga keldi. Telefonini berib, “Shunga ‘Kulsang’ qo‘shig‘ingizni yozib bering, qo‘ng‘iroq qilganingizda shu qo‘shiq eshitilsin”, dedi. U sodda ayol bo‘lganidan hatto telefonga qo‘shiq yuklab olishni ham bilmasdi. Qo‘shiqni yuklab berganimdan keyin xush kayfiyatda ketdi. Yuz-qo‘limni yuvib, xizmatga otlanayotgan paytimda telefonim jiringladi. O‘sha payda ichki ishlar sohasida ishlaydigan tanishim bor edi. “Falonchi jiyaningizdan xabar olib qo‘ying, kasalxonada ekan”, dedi. Ayolim u bilan birga edi-ku, deb unga qo‘ng‘iroq qildim. Telefoni o‘chirilgan edi. Xullas, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, avtohalokat haqida xabar keldi. Voqea sodir bo‘lgan joyga borib, mashinani taniy olmadim. Xullas, u yillarda soliqchilar noqonuniy savdo bilan shug‘ullanayotganlarni quvishi urf bo‘lgandi. Maxsus xodimlar qoidani buzib, qarama-qarshi yo‘lga o‘tib, avtohalokatga sababchi bo‘lishgan.

Ayolim o‘sha yerning o‘zida vafot etgan. O‘shanda kenja o‘g‘lim ikki yarim yoshda edi. “Onam qachon keladi?” deb rosa injiqlangan. Hatto esini tanib qolgan paytlarda ham mahallamizga tez yordam mashinasi kelsa, “Onamni olib kelishdimi?” derdi.

Undan keyin ikkinchi marta oila qurdim. Hozir besh farzandga ota-onalik qilyapmiz, — deydi G‘ayrat Usmonov.

Xadicha: “O‘g‘illarim ota mehriga to‘ymadi”

Yosh xonanda Xadicha ham turmush o‘rtog‘idan erta ayrilgan. Uning turmush o‘rtog‘i 2020-yili koronavirus sabab vafot etgan.

Foto: Instagram / @ hadicha_singer

— Turmush o‘rtog‘im oilaparvar, mehnatkash inson edi. Hayotimning u inson bilan bog‘langanidan hamisha minnatdorman. Amaliyot o‘tash uchun ular ishlaydigan tashkilotga borganman. Tanishganmiz, taqdir ekan, oila qurdik. Ammo ikkimizning oila qurishimizga qarshiliklar ko‘p bo‘lgan. Birinchi qarshilik u insonning yoshi mendan katta ekanligi sabab bo‘lgandi. Ammo taqdir bo‘lsa, hech gap emas ekan. San’atni sevadigan inson edilar. San’at bo‘lishimga turtki bergan ham o‘sha inson bo‘ladi. Uch o‘g‘il farzandli bo‘ldim, har bir farzandimizning tug‘ilishi u insonga olam-olam quvonch bag‘ishlardi.

Tanamizdagi jon omonat ekanligini bilaman, ammo turmush o‘rtog‘imning vafot etishini hayolimga ham keltirmagandim. 2020-yili koronavirus avj olgan paytda turmush o‘rtog‘imda ham xastalik aniqlandi. Ammo u inson kasallikka osonlikcha taslim bo‘ladigan inson emasdi. Darrov muolajalarni qildik, ammo ro‘za oyi boshlanishi arafasida ahvoli og‘irlashdi. “Ro‘zamni ochmayman”, degan gaplari haligacha qulog‘im ostida jaranglaydi. Ahvollari yomonlashgach, tez yordam mashinasini chaqirishga majbur bo‘ldik. Kasalxona ostonasida xayrlashdim “Bolalarni ehtiyot qiling”, degan gapni ikki marta takrorladi.

Oradan ikki kun o‘tib, turmush o‘rtog‘imning vafot etgani va janoza qabristonda o‘qilishini aytishdi. Shifokorlar aynan qaysi kuni jonlari uzilganini ham aytib berisholmadi.

Yolg‘iz yashash qiyin, ayniqsa o‘g‘illarim otasining mehriga to‘ymaganiga ko‘p afsuslanaman. Mehran, Imran va Islom otasini ko‘p so‘rashadi. Rosti, ularga nima deb javob berishni bilmay qolaman, — deydi xonanda Xadicha.

Xonanda intervyularidan birida turmush o‘rtog‘ining vafotidan so‘ng uning birinchi oilasi va farzandlari bilan munosabatlari yaxshilangani haqida so‘zlab bergandi.

Xadicha turmush o‘rtog‘iga atab “Begim” deb nomlangan qo‘shiq kuylagan.

Og‘abek Sobirov: “Bunday taqdirni hech kimga ravo ko‘rmayman”

“Qizg‘aldoq” filmini tomosha qilganmisiz? Mazkur filmda xonanda Og‘abek Sobirovning birinchi turmush o‘rtog‘i bilan sodir bo‘lgan qayg‘uli voqealar aks ettirilgan.

Foto: “Daryo”

— Tog‘amning qiziga uylangandim. Afsuski, bevaqt dard sabab u olamni erta tark etdi. Bu davrlarni eslash men uchun juda og‘ir. Uni eslasam xuddi yana o‘sha davrga tushadigandek, o‘zimni yomon his qilaman. Yaram yangilanaveradi. Bunday taqdirni hech bir insonga ravo ko‘rmayman.

Oilamizdagi mudhish voqea — farzandlarimning onasi olamdan o‘tgandan keyin, ularni bir umrga eslatib turadigan yodgorlik sifatida kino suratga olsak, degan maslahatlar bo‘lgan. Bu taklifni kutmagan edim. O‘ylab qarasam, bu ham savob, ibrat bo‘ladi. Mikoyil Sulaymonov film ssenariysini yozgan, Ibrohim Rasulov filmni suratga olgan. “Qizg‘aldoq” filmi asosan real voqealarga asoslangan, — deydi Og‘abek Sobirov.

Dilnoza Kubayeva: “Turmush o‘rtog‘im 30 yoshida vafot etgan”

Iste’dodli aktrisa Dilnoza Kubayeva og‘ir xastalik sabab turmush o‘rtog‘idan erta ayrilgan. Hozirda u o‘g‘li Muhammadaminni yolg‘iz o‘zi tarbiya qilmoqda.

Foto: Instagram

— Turmush o‘rtog‘im boladek beg‘ubor, samimiy inson edi. U inson “Kelgindi kelin” filmidagi rolimni ko‘rib, g‘oyibona ko‘ngil qo‘ygan ekan. Keyin dastxat olish bahonasida teatrga kelgan. Xullas, taqdir ekan, tanishib, oila qurdik. U inson bilan ko‘p yashamagan bo‘lsam ham, undan hamisha minnatdorman.

Turmush o‘rtog‘im og‘ir xastalikka chalingan paytlari oila a’zolarim yonimda bo‘lolmay qolishdi. Deyarli yolg‘iz qolib ketdim. Mashina haydashni bilmayman, taksida ketaman,  ko‘zoynakda bo‘lsam ham, haydovchilar tanib qolib savolga tutishadi. O‘sha mahal yuragimga hech narsa sig‘masdi. Chunki turmush o‘rtog‘im o‘lim to‘shagida yotibdi. Shunaqa kunlar bo‘ldiki, oddiygina tabassum qilishga qiynalardim. Chaqalog‘im haqida turli tuhmatlar,  bo‘lmagan gaplar... Shunday vaziyatlarda baxtli kunlarning qadriga yetar ekansan.

Turmush o‘rtog‘im 30 yoshdan vafot etdi. Shu insonning roziligi uchun vafotidan so‘ng ikki yil ijodiy tanaffus qildim. Chunki u inson shuni istagandi. Shukrki, Yaratgan oldida ham, o‘g‘lim oldida ham vijdonim toza, — deydi aktrisa Dilnoza Kubayeva.

Kamola Oripova: “Har dardning davosi vaqt ekan”

Instabloger Kamola Oripova ham turmush o‘rtog‘idan erta ayrilgan. Mo‘min Oripov 25 yoshida avtohalokat sabab vafot etgan.

Foto: Instagram / @kamolaoripovabmk

— 2005-yili fevral oyida “Bojalar” guruhi ikki seansdan konsert berishardi. Konsertda boshqa yosh xonandalar: Shohruxhon, “Afro‘z” guruhi ham ishtirok etardi. Konsertni ko‘rgani har kuni borardim. Mo‘min aka bilan shunchaki do‘st edik. Juda samimiy va mehribon inson edi. Hayotimdagi eng baxtli damlarni hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.

U inson vafot etganidan keyin tushkunlikka tushib qolganman. O‘zim tugul, hatto farzandimga ham qaray olmasdim. O‘shanda onam bolamga qarab, ko‘maklashgandi. O‘zimni ovutish uchun chet eldan kiyim-kechak olib kelib ham sotdim, taqinchoqlar yasash bilan ham shug‘ullandim. Har narsaning davosi vaqt ekan, sabr qilib, eng og‘ir kunlardan o‘toldim, — deya xotirlaydi Kamola Oripova.

Mavzuga doir: