AQSH prezidenti Jo Bayden Ukrainaga qariyb 400 million dollar miqdorida qo‘shimcha harbiy yordam ajratishni topshirdi, deb yozadi “RBK” davlat rahbari bayonotiga tayanib.

Foto: Getty Images

“Men davlat kotibiga Ukrainaga yordam berish uchun AQSH Mudofaa vazirligi mudofaa mahsulotlari va xizmatlari, shuningdek, harbiy o‘qitish va tayyorlash uchun 400 million dollargacha ajratish vakolatlarini topshiraman”, — deyiladi xabarda.

AQSH Mudofaa vazirligi aniqlik kiritishicha, ushbu yordam paketiga to‘rtta HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi va uning o‘q-dorilari, uchta taktik transport vositasi, 155 millimetrli artilleriya o‘q-dorilari, portlatuvchi o‘q-dorilar, kontrbatareya kurash tizimlari, harbiy texnika uchun ehtiyot qismlar va boshqa uskunalar kiradi.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH Ukrainaga xavfsizlik sohasida qariyb 8 milliard dollar yordam ajratishga ulgurgan.

Aprelda AQSH Ikkinchi jahon urushi tugaganidan buyon birinchi marta Ukrainaga ijara yoki uzoq vaqt davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlari bilan qurol-yarog‘ yetkazish imkonini beruvchi lend-liz dasturini ishga tushirgan edi.

Iyun boshida Jo Bayden Ukrainaga Kiyev so‘rab kelgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlarini yetkazib berishni buyurdi. AQSH ma’lum qilishicha, Ukraina ulardan Rossiya hududiga zarbalar berishda foydalanmaslikka va’da bergan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga Amerikaning baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari yetkazib berilishi Rossiya “maxsus operatsiyasi” borishini o‘zgartira olmasligini aytdi.

Pentagonning so‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya istilosi boshidan buyon AQSH Ukrainaga jami 6,9 milliard dollarlik, AQSHning amaldagi ma’muriyati hokimiyat tepasiga kelganidan buyon esa 7,6 milliard dollarlik ko‘mak taqdim etgan.

Kil jahon iqtisodiyoti institutining Ukraine Support Tracker loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oxiridan buyon Kiyevga yo‘naltirilgan xalqaro ko‘mak hajmi 75 milliard dollardan oshgan, harbiy va gumanitar yordam bo‘yicha eng yirik donor esa AQSH bo‘ldi (25 milliard dollar).