Keyingi paytlarda eski qo‘shiqlarni cover uslubida aytish urfga aylandi. Eski yoki biroz untilgan qo‘shiqlarning yangicha ijrosi yoshlarga ma’qul kelmoqda. Retro qo‘shiqlarni yangicha ijrosi ba’zi tinglovchilarga yoqmasa-da, ular orasida muvaffaqiyatli chiqqan coverlar ham yo‘q emas.  YouTube tarmog‘ida eng omadli coverlar deb topilgan va million marta tomosha qilingan  qo‘shiqlar bilan tanishing.

“Jonginam”

Xonanda Munisa Rizayeva marhum ijodkor Layloning “Jonginam” qo‘shig‘ini cover yo‘nalishida ijro etdi. Mazkur qo‘shiqni Laylo Aliyeva 1997-yil ijro etgan. Mazkur qo‘shiqning musiqasi Ruslan Sharipovga, so‘zi esa Ibrohim Jiyanovga tegishli. Qo‘shiqqa Dmitriy Karobkin tomonidan klip suratga olingan. Mazkur klip o‘sha yillarning eng katta bujetli va xalqaro talabga javob beradigan o‘zbek klipi bo‘lgan.

Xonanda Munisa Rizayeva esa mazkur taronani Ruslan Sharipov xotirasiga bag‘ishlangan konsert dasturi uchun qaytadan ijro etdi. Qo‘shiq ilk qarshi olinganidan so‘ng klipmeyker Dilmurod Agzamov bilan hamkorlikda klip suratga oldi.

— Ruslan Sharipov Laylodan albomga buyurtma olganidan keyin meni oldiga chaqirgan. Avval musiqa bastalanib, undan keyin so‘zini yozganmiz. Ammo Ruslan aka musiqaga moslab ayrim so‘zlarni o‘zgartirgandi. “Bu so‘zlar adabiy me’yorlarga mos kelmaydi”, deb norozi bo‘lgandim. Ammo u qo‘shiqda shunday qilishga majbur bo‘ladigan vaziyatlar bo‘lishini tushuntirgandi.

— Munisa Rizayeva “Jonginam” qo‘shig‘ining klipiga qo‘shiq mualliflarini yozibdi, ammo she’r muallifini yozishni unutibdi. Bundan biroz jahlim chiqdi. Keyin u to‘liq cover qo‘shiq emas. Chunki uning ijrosi Layloniki bilan bir xil. Laylo avj nuqtalarini go‘zal ijro etgandi, uning ijrosi baribir o‘ziga xos, — deydi “Jonginam” qo‘shig‘ining she’r muallifi Ibrohim Jiyanov.

“Ko‘z yoshim”

Yulduz Usmonova 2011-yili “Ko‘z yoshim” nomli qo‘shiqni ijro etgan. Rok yo‘nalishidagi mazkur qo‘shiqqa xorijda klip suratga olingani haqida ma’lumot berilgandi. Yaqinda yosh xonanda Umidaxon “Ko‘z yoshim” qo‘shig‘ini cover tarzida ijro etdi. Marhum sportchi Murod Xonto‘rayev xotirasiga bag‘ishlab, klip ham suratga oldi.

— Bir yil avval Yulduz Usmonovaning turmush o‘rtoqlari Mansur Agaliyevga opaning qo‘shiqlarini qaytadan ijro etish niyatim borligini aytgandim. Ko‘p o‘tmay, ba’zi qo‘shiqlarni ijro etishga ruxsat berishdi. Ular orasida “Ko‘z yoshim” qo‘shig‘i ham bor edi. Ruxsat olganimga ham 6 oydan oshiqroq vaqt o‘tdi. Bu vaqt mobaynida qo‘shiqqa musiqiy sayqal berdik, klip g‘oyasi haqida o‘yladik. Qo‘shiq cover yo‘nalishida ijro etilgan bo‘lsa-da, unga qo‘pol o‘zgartirish kiritishni istamadik. Chunki har qanday cover’da muallifning imzosi saqlanib qolishi kerak, — deydi xonanda Umidaxon.

Murod Xonto‘rayev hayotiga bag‘ishlangan klip klipmeyker Sherzod Umarov tomonidan suratga olingan. Klipda bosh rolni Muhammadali Yo‘ldoshev ijro etgan.

“O‘ylamadim” 

Eski qo‘shiqlarni yangilab aytishga usta Doston Ergashev “O‘ylamadim” qo‘shig‘idan ham unumli foydalangan. Aslida mazkur qo‘shiq 1993-yili qashqadaryolik xonanda O‘ktam Aliyev tomonidan yaratilgan.

— Bu qo‘shiqni chiroqchilik Ulug‘bek baxshi Abrayev bilan hamkorlikda yaratganmiz. U insonni avvaldan hurmat qilardim. 1993-yili davlat tadbirida uchrashib qolganmiz va undan qo‘shiq yaratib berishini so‘raganman. 2012-yili Chiroqchida qo‘shiqqa klip ham olganmiz, — deydi xonanda O‘ktam Aliyev.

Doston Ergashev ham mazkur qo‘shiqni cover yo‘nalishida ijro etgan va unga klip suratga olgan. “Qo‘shiqni bir oy davomida o‘ylab yaratdim”, degan jumla O‘ktam Aliyevni ranjitgan va ikki ijodkor o‘rtasida nizo yuzaga kelgan. Ammo tan olish kerak, Doston Ergashev ijrosi  avvalgilariga  nisbatan omadliroq chiqdi.

“Chaqasan”

Xonanda Jahongir Otajonovning “Chaqasan” qo‘shig‘i yosh ijrochi Afro‘za “The cover up” loyihasida ijro etgan. Cover yo‘nalishidagi qo‘shiq Jahongir Otajonovga ham ma’qul keldi. Shu kungacha cover yo‘nalishidagi qo‘shiq Youtube tarmog‘ida 7 million marotaba ko‘rilgan.

“Oqbilak oyim toshkantlik”

2017-yili O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Komilov tomonidan ijro etilgan “Oqbilak oyim toshkentlik” qo‘shig‘i ancha yillar avval Ilhom Ibrohimov tomonidan ijro etilgan. Faqat bu qo‘shiq andijonlik oqbilaklarga bag‘ishlangandi.

Ravshan Komilov ijrosidagi qo‘shiq ham muxlislarga ma’qul kelgan. Xonandaning kamtarona klipi ham muxlislar tomonidan iliq qarshi olingan.

2019-yili yosh xonanda Jasmin “The cover up” loyihasi uchun mazkur taronani cover yo‘nalishida ijro etgan. Qo‘shiq shu kunga qadar YouTube tarmog‘ida 3 million marta tomosha qilingan.

“Dilorom” 

O‘zbekiston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubovning “Dilorom” qo‘shig‘i o‘zi davrining xit taronasi bo‘lgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mazkur qo‘shiq Muhammad Yusuf she’ri, Alisher Rasulov musiqasi asosida yaratilgan.

— G‘ulom akam studiyaga kelib,  yaxshi qo‘shiq qilib berishimni so‘radi. Men estrada yo‘nalishida yozsam, sizga to‘g‘ri kelarmikan, dedim. Yonimda rahmatli shoir Muhammad Yusuf ham bor edi. Keyin tango yo‘nalishida aytasizmi desam, “Aytaveraman zamonaviy insonlarning qulog‘iga yoqadigan qilib beraver”, dedi. Tangoni chaldimda Muhammadga qarab o‘tiraverdim. U Dilorom dedi. Keyin yana chaldim. U siz malika biz G‘ulom dedi. Shu bilan “Dilorom” qo‘shig‘i  yaraldi, — deydi Alisher Rasulov.

2020-yili yosh xonanda Yorqinxo‘ja Umarov “The cover up” loyihasi uchun “Dilorom” qo‘shig‘ini cover yo‘nalishida ijro etdi. Qo‘shiq shu kungacha YouTube tarmog‘ida 2 milliondan ortiq tomosha qilingan.

“Karvon ko‘rdim” 

O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim she’ri asosida “Karvon ko‘rdim” nomli qo‘shiqni ijro etgan.

2018-yili SanJay taxallusi bilan ijod qiluvchi Sanjar Javberdiyev ijtimoiy tarmoqlarga o‘zi ijro etgan “Karvon ko‘rdim” qo‘shig‘ini joylagan. Qo‘shiq internet kuzatuvchilariga ma’qul bo‘lgach, ijrochiga qiziqish ortgan. Ammo u Intellektual mulk agentligi tomonidan mualliflik huquqini buzgan deb topilib,  shoirga jami 94 million so‘m miqdorida jarima va ma’naviy zarar to‘lashi lozimligi haqida sud qarori chiqarilgan. Shu bois, xonandaning rasmiy YouTube sahifalaridan mazkur qo‘shiq va unga ishlangan klip o‘chirtirilgan.

Mavzuga doir: