Bundan roppa-rosa ikki yil oldin karantin davrida ikki mamlakat o‘rtasida aqlbovar qilmaydigan musiqiy sevgi hikoyasi tug‘ildi. Bir tomonda Bollivud yulduzi Alisha Chinay Alibagdagi uyida bo‘lsa, yana biri Tojikistonning Dushanbe shahrida uning muxlisi va musiqa prodyuseri Furqat A’zamov yashar edi, deb yozadi Bollywoodtime.

Foto: Bollywoodtime

Furqat Alishani qariyb 30 yil avval Dushanbe bozorlaridan birida, kassetada uning yoqimli ovozini eshitib sevib qolgan. U ko‘p yillar davomida xonandani topishga harakat qildi, lekin bu oson kechmadi. “Hindiston musiqa sanoati vakillaridan qancha so‘ramayin, ular boshqa qo‘shiqchilarni taklif qilishdi,— deydi A’zamov. — Lekin men faqat Alishani izlardim”.

Nihoyat Furqat xonandani 2020-yilda Facebook orqali topdi. Alisha kamdan kam hollarda jonli intervyu berardi. Furqat bu uning uchun ajoyib imkoniyat ekanini angladi. So‘ngra Alishaga xabar yubordi va ular har kuni onlayn tarzda suhbatlashib, musiqa ustida ishlashni boshladi.

Foto: Bollywoodtime

Furqat o‘zining yoqtirgan ayolini topganidan xursand, uning uchun hammasiga tayyor edi. U karantin paytida charter reys bilan Mumbayga uchishga muvaffaq bo‘ldi. U yerda Alisha bilan uchrashdi. Shundan so‘ng bastakor Alisha bilan hamkorlikda bir nechta taronalar yozdi.

Foto: Bollywoodtime

Yaqinda ularning “Chamkegaa India” qo‘shma kompozitsiyasi taqdim etildi — bu uning “Made in India” nomli mashhur taronasiga asoslangan. Klip Samarqand va Buxoroning tarixiy joylarida suratga olingan. “Markaziy Osiyodagi odamlar Hindiston va hind musiqasi berilib tinglaydi, — deydi Alisha. – Haqiqatan ham Samarqandga qo‘nganimda immigratsiya xizmati xodimi meni darrov tanidi va qo‘shiqlarimdan birini xirgoyi qila boshladi”.

Foto: Bollywoodtime

Hatto o‘ttiz yil o‘tsa ham “Chamkegaa India” klipi uning 1995-yilgi taronasini eslatadi. “Bu ajoyib qo‘shiqning davomi”, — deydi Alisha.

Kunduzi moliyaviy maslahatchi bo‘lib ishlayotgan, kechasi esa studiyada vaqt o‘tkazadigan Furqat A’zamovning aytishicha, u ko‘p yillardan buyon erta tongda go‘zal tog‘li Nurak suv omboriga sayohat qilib, Alishaning musiqasini chalib yurgan.

Foto: Bollywoodtime

“Bu mening eng katta orzum edi... va qachondir u bilan uchrashib, taqdim etish uchun musiqa yaratishda davom etdim. Bu u bilan uchrashishning yagona yo‘li ekanligini bilardim”, — deydi bastakor.

“Va shunday bo‘ldi. Bu qo‘shiq haqiqiy muhabbat mavjud va chegara bilmasligi haqida, — deydi Alisha. — Ayniqsa, dunyoda juda ko‘p yomonlik va nafrat ortib borayotganida”.

Foto: Bollywoodtime

Hozirda Alisha va Furqat birgalikda istiqomat qiladi, tez-tez dunyo bo‘ylab sayohatga chiqadi va ikkisi ham baxtli hayot kechirmoqda.