Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Oqoltin tumani hokimining o‘rinbosarlaridan biri o‘z xizmat xonasida mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyat ish yurituvchisidan 400 dollarini pora sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar qildi.

Aniqlanishicha, mazkur mansabdor shaxs ushbu MCHJni birja savdolari orqali un mahsulotlari sotib olishiga to‘sqinlik qilish, imtiyozlar bermaslik hamda “qora ro‘yxat”ga kiritish bilan qo‘rqitgan. Agarda 500 dollari bersa, kelgusida MCHJga rahnamolik qilishini bildirgan va ushbu maqsadda muqaddam 1 million so‘m olgan.

Hozirda ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.