Farg‘ona viloyatidagi uchta tumanda aholi xonadonlari tomiga quyosh panellarini o‘rnatish ishlari boshlandi. Bu haqda “Daryo”ga Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi

Qayd etilishicha, Farg‘ona tumanidagi “Mindonobod” va “Novkent”, Yozyovon tumanidagi “Qatortol”, Qo‘shtepa tumanidagi “O‘qchi” mahalla fuqarolar yig‘inlarida joylashgan xonadonlar quyosh panellari o‘rnatish uchun tanlab olingan.

Dastlabki bosqichda Farg‘ona tumani “Novkent” mahallasi hududidagi 426 ta xonadonning 108 tasiga quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, loyihaning ilk bosqichida tumanning “Mindonobod” MFY hududidagi 290 ta xonadonga har birining quvvati 750 vatt bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish ishlari boshlangan.

Mazkur quyosh panellari xonadonlardagi yoritish chiroqlari, televizor, kompyuter kabi elektr jihozlarini markaziy elektr ta’minotidan alohida, mustaqil ravishda ta’minlash imkonini beradi.

Foto: Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi

“Bitta xonadonga o‘rnatilgan elektr energiyasining qayta tiklanuvchi manbasidan bitta xonadon bir oyda kamida 168-170 kilovatt tejab qolishiga erishilmoqda. Bitta xonadonning bir yillik iste’moli hisob-kitob qilinganda, bu o‘rtacha 377 ming so‘mga to‘g‘ri keladi. Quyosh panellarini o‘rnatishning yana bir qulay tomoni shundaki, xonadon tarmoqdan to‘la uzilganda mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha muayyan imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilgan”, — deydi Farg‘ona tumani elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassisi Otabek Ziyobov.

Quyosh panellari o‘rnatilishi natijasida “Mindonobod” va “Novkent” mahallalari hududida qariyb 82-85 foiz elektr energiyasi iste’moli tejalishi aytilmoqda.