O‘zbek san’atkorlari orasida chet elning mashhur xonandalari bilan duet kuylaganlari ham bor. Ularning taronalariga ishlangan videokliplar nafaqat teleekranlarda sevib ko‘riladi, balki ijtimoiy tarmoqlarda ham yuqori ko‘rishlarni zabt etadi.

Foto: Instagram

Shahzoda va Sinan Akchil

Xonanda Shahzoda asli niderlandiyalik bo‘lgan Turkiyaning mashhur kompozitori va xonandasi Sinan Akchil bilan birgalikda turk tilidagi duetni ijro etgan. Ushbu tarona 2015-yilda kuylangan, oradan bir yil o‘tib, taronaga ishlangan videoklip taqdim etilgan. Shahzoda va Sinan Akchil ijrosidagi “Hirka” nomli tarona YouTube’da bir milliondan ortiq ko‘rishlar soniga ega.

Shahzoda yuqoridagi ijodkordan tashqari ruminiyalik prodyuser, xonanda Dr.Costi bilan birgalikda “Billionaire”, “Habibi”, “Moy zolotoy” taronalarini ijro etgan. YouTube’da “Billionaire”, “Habibi” taronasiga ishlangan videoklip 1 milliondan, “Moy zolotoy” taronasining videoklipi  1 yarim milliondan ortiq ko‘rilgan.

Ko‘plab chet el xonandalari bilan duet kuylagan Shahzoda Two jamoasi bilan birga “Linda” nomli taronani ijro etgan. Ingliz tilida kuylangan musiqa 2016-yilda premyera qilingan. Taronaga ishlangan videoklip YouTube’da 7 yarim milliondan ortiq ko‘rilgan.

Manzura va Terlan Novxani

Manzura  Ozarbayjonning mashhur xonandalaridan biri Terlan Novxani bilan birgalikda “Xiyonat qilmadim” deb nomlangan taronani kuylagan. Ushbu musiqa ikki tilda, ya’ni o‘zbek va ozarbayjon tillarida ijro etilgan. Taronaga ishlangan videoklip 2018-yilning aprel oyida premyera qilingan va hozirga qadar YouTube’da 2 milliondan ortiq ko‘rilgan. Juftlik ijrosidagi videoklip Ozarbayjonda suratga olingan.

Bundan tashqari, Manzura va Terlan Novxani “Ayri dunyalar” nomli ozarbayjon tilida kuylangan taronani muxlislarga taqdim etgan. Ushbu taronaga ishlangan videoklip 2018-yilning yozida namoyish qilingan va YouTube’da hozirga qadar 350 mingdan ortiq ko‘rilgan.

Dilso‘z va Sinan O‘zen

Xonanda Dilso‘z turkiyalik kompozitor, aktyorlik va teleboshlovchilik sohasida mashhurlikka erishgan Sinan O‘zen bilan birgalikda “Sevgilim” nomli duet taronasini ijro etgan. Ushbu tarona ikki tilda, o‘zbek va turk tillarida kuylangan. “Sevgilim” nomli musiqaga ishlangan videoklip 2018-yilning fevral oyida premyera qilingan. Taronaga ishlangan videoklip YouTube’da 9 milliondan ortiq ko‘rilgan.

Yulduz Usmonova va Serdar O‘rtach

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova turkiyalik mashhur xonanda Serdar O‘rtach bilan birgalikda duet ijro etgan. “Diyemem” nomli tarona 2012-yilning yanvar oyida premyera qilingan. Ushbu taronaga ishlangan videoklip YouTube’da 770 mingga yaqin ko‘rilgan.

Yulduz Usmonova va Yashar

Yulduz Usmonova yana bir turkiyalik ijodkor Yashar bilan birga qo‘shiq kuylagan. “Seni severdim” taronasi Turkiyada va boshqa mamlakatlarida xit darajasiga chiqqan. Taronaga ishlangan videoklip 2010-yilda premyera qilingan va hozirga qadar YouTube’da 150 millionga yaqin ko‘rilgan.

Zohirshoh Jo‘rayev va Shabnam Surayyo

Xonanda Zohirshoh Jo‘rayev o‘zining yakkaxon konsert dasturida Tojikiston estrada yulduzi Shabnam Surayyo bilan birgalikda duet kuylagan. Juftlik ijrosidagi “Dar kunji dilam” nomli taronasi YouTube’da 5 millionga yaqin ko‘rilgan. Konsert dasturidan so‘ng Shabnam Surayyo Zohirshoh Jo‘rayevning yana duet kuylash istagi borligini bildirgan.

Zohirshoh Jo‘rayev va Nahide Babashli

Zohirshoh Jo‘rayev konsert dasturida Shabnam Surayyodan tashqari asli ozarbayjonlik, nafaqat Turkiyada va balki butun dunyo bo‘ylab mashhurlikka erishgan xonanda Nahide Babashli bilan ham duet ijro etgan. Turk tilida kuylangan tarona YouTube’da 2 milliondan ortiq ko‘rilgan.

Imron va Dilan Tatlises

Imron turkiyalik mashhur xonanda Ibrohim Tatlisesning qizi Dilan Tatlises bilan birgalikda duet kuylagan. Dilan va Imron ijrosidagi “Yolg’iz” taronasi 2019-yilning dekabr oyida taqdim etilgan. Turk va o‘zbek tillarida kuylangan taronaga ishlangan videoklip YouTube’da 1 milliondan ortiq ko‘rishlar soniga ega. Xonanda Imron ijodidagi eng qimmat klip ham shu taronaga ishlangan videoklip ekanini aytgan.

Milena Madmusayeva va Nikolay Baskov

Opera yo‘nalishida ijod qiladigan xonanda Milena Madmusayeva rus estradasining yorqin yulduzlaridan biri Nikolay Baskov bilan birgalikda duet ijro etgan. Xonanda ushbu duetini 2018-yilda taqdim etgan. Milena Madmusayeva bundan tashqari Rossiyaning yana bir mashhur xonandalaridan Stepan Bolotenyuk bilan ham duet kuylagan.

Ozoda Nursaidova va  Ray Horton

Xonanda Ozoda Nursaidova germaniyalik rep xonandasi Ray Horton bilan birgalikda “Breathe again” nomli qo‘shiqni kuylagan. Ushbu taronaga ishlangan videoklip 2019-yilning iyul oyida premyera qilingan va hozirga qadar YouTube’da 1 milliondan ortiq ko‘rilgan. Ozoda Nursaidova Tojikistonning mashhur xonandalaridan biri Zulayho Maxmadshoyeva bilan ham bir nechta taronalarni ijro etgan.

Ulug‘bek Rahmatullayev va Jonibek Murodov

Xonanda Ulug‘bek Rahmatullayev tojikistonlik xonanda Jonibek Murodov bilan birgalikda “Bore bedoram” nomli taronani ijro etgan. Ushbu taronaga ishlangan videoklip 2019-yilning noyabr oyida taqdim etilgan va YouTube’da 770 mingga yaqin ko‘rishlar soniga ega. Muhabbat mavzusiga bag‘ishlangan tarona tojik tilida kuylangan.

Mavzuga doir: