Afg‘oniston hukumatini yaqin kelajakda tan olish masalasi kun tartibida yo‘q. Bu haqda O‘zbekiston prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha anjuman doirasida “Tolibon” harakati xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishi ehtimoli haqidagi savolga javobida aytib o‘tdi.

Abdulaziz Komilov

Foto: “Daryo”

Abdulaziz Komilovning ta’kidlashicha, munosabatlarning normallashuvi keyinchalik Afg‘oniston hukumatining tan olinishiga yo‘l ochadi.

“Bugun bunday masala yo‘q edi (yaqin kelajakda Tolibon hukumatini tan olish haqida — tahr.). Lekin menimcha, bu tendensiya, birinchi navbatda, hukumat bilan munosabatlarni normallashtirish nuqtayi nazaridan ijobiy. Ya’ni munosabatlarning normallashuvi keyinchalik tan olinishga yo‘l ochadi. Bugun tan olish bilan bog‘liq ko‘plab masalalar muhokama qilindi. Afg‘oniston delegatsiyasi rahbari (Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri vazifasini vajaruvchi Amir Xon) Muttaqiy ochiqchasiga aytdi: Men barcha savollarni, hatto bu yerda aytilgan barcha shikoyatlarni ham yozib oldim, buni rahbariyatim bilan muhokama qilaman. Va, albatta, biz umumiy til topishga harakat qilamiz. Bu o‘zaro ishonchni mustahkamlash nuqtayi nazaridan katta qadam bo‘lib, busiz tan olish masalasi ham bo‘lmaydi”, — dedi diplomat.

Avvalroq Toshkentda “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” mavzusidagi Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tayotgani xabar qilingandi.