Farg‘ona viloyati Beshariq tumani sudida o‘z erini o‘ldirgan ayolga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Millar” informatsion dasturida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, ayolning bu jinoyatni sodir etishiga asosiy sabab erining doimiy mast holda kelishi va oilaviy nizolar sabab bo‘lgan.

Kunlardan birida ayol yana mast holda kelib janjal ko‘targan erining o‘zini o‘zi himoya qila olmasligini bilib, qarshiligini sindirish maqsadida qo‘l va oyoqlarini bog‘lagan. Xonadonda bo‘lgan o‘tin va g‘o‘la bilan erining bosh va tanasining bir necha joylariga urib, tan jarohati yetkazgan. So‘ng mato bilan og‘zi va burnini berkitib, qasddan o‘ldirgan.

Sud ayolni Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “v” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topgan. Unga nisbatan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.