Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida joylashgan xususiy korxonaga qarashli qurilishi tugallanmagan binoda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat FVB axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Andijon viloyat FVB

Ta’kidlanishicha, 2022-yilning 31-iyulidan 1-avgustiga o‘tar kechasi soat 03:15 larda Xo‘jaobod tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limining navbatchilik qismiga tezkor xabar kelib tushgan.

Xabarda tumanning “Beshkaram” MFY o‘ramida joylashgan “Hojimurod” xususiy korxonasiga qarashli qurilishi tugallanmagan binoda yong‘in kelib chiqqani ma’lum qilingan.

Murojaatga asosan tezkorlik bilan voqea joyiga ikkita yong‘in qutqaruv ekipaji yetib borib, soat 03:31 da yong‘in o‘rab olingan. Bino tomining 15 kv/metr maydonidagi qismi yonib zararlangan. Qolgan 200 kv/metr maydoni qutqaruvchilar tomonidan saqlab qolingan. Yong‘in oqibatida kuyib tan jarohati olganlar yo‘q.

Hozirda FVB xodimlari tomonidan yong‘in kelib chiqishining asosiy sabablari o‘rganilib, keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.