AQSH Ukrainaga 550 million dollarlik harbiy yordam paketini ajratadi, tegishli farmonni Amerika prezidenti Jo Bayden imzoladi, deb yozadi “RBK”.

Foto: Global Look Press

Kiyev, shu jumladan, artilleriya o‘q-dorilarini qo‘lga kiritadi. HIMARS raketa tizimlari uchun snaryadlar (ularning soni ma’lum qilinmayapti) va 155 millimetrli artilleriya uchun 75 mingta snaryad yetkazib beriladi, deb yozadi CNN Pentagonga tayanib.

Bu 2021-yil avgustidan buyon AQSH tomonidan Ukrainaga 17-marta o‘z qurol-yarog‘ zaxiralarining yetkazilishidir. O‘tgan yil yanvarida prezident Jo Baydenning inauguratsiyasidan beri shu kungacha Kiyevga xavfsizlik sohasida qariyb 8,8 milliard dollar ajratilgan. 2014-yildan buyon o‘tgan sakkiz yil ichida Ukraina AQSHdan xavfsizlik sohasida 10 milliard dollardan ziyod hajmda ko‘mak olgan.

“Ukrainaning jang maydonida oshib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun AQSH o‘z ittifoqdoshlari va sheriklari bilan ishlab, Ukrainaga zarur imkoniyatlarni taqdim etishda davom etadi”, — deyiladi Amerika mudofaa idorasi xabarida.

Avvalroq Germaniya Ukrainaga hatto o‘z armiyasida bo‘lmagan eng yangi qurol-yarog‘larni yetkazib berayotgani ma’lum bo‘lgandi. Germaniyaning Ukrainaga harbiy ko‘magi qisqargani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, Ukraina qurolli kuchlari Berlindan qabul qilgan qurol-yarog‘ hali hatto Germaniya qurolli kuchlarining o‘zida ham yo‘q, dedi Germaniya kansleri Olaf Shols.

Rossiya hukumati G‘arb davlatlari tomonidan Ukrainaga qurol yetkazib berilishini tanqid qilmoqda. Mamlakat prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov G‘arbning qurollari Rossiyaga maxsus operatsiyadan ko‘zlangan maqsadlarga erishishda xalal bermasligini aytgandi. “Agar NATO, mohiyatan, Rossiya bilan proksi orqali urushga kirishayotgan va ushbu proksini qurollantirayotgan bo‘lsa, unda urush urushday bo‘lsin”, — deya ogohlantirgan edi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.