Germaniyaning Ukrainaga harbiy ko‘magi qisqargani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, Ukraina qurolli kuchlari Berlindan qabul qilgan qurol-yarog‘ hali hatto Germaniya qurolli kuchlarining o‘zida ham yo‘q. Bu haqda Germaniya kansleri Olaf Shols Globe and Mail nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Olaf Shols

Foto: EPA

“Bu tizimlarning ba’zilari shunchalik yangiki, ular juda kam miqdorda ishlab chiqarilgan, ayrimlari esa hatto Bundesverda ham yo‘q. Ularning barchasi ukrain harbiylaridan bilim olishni talab qiladi, va biz buni ham ta’minlaymiz”, — dedi Shols.

Germaniya Ukrainaga “bor narsalarning hammasini”: zenit va tankka qarshi majmualarni, minalarni, “tonnalab o‘q-dorilar”ni yetkazib berdi, shundan keyin murakkabroq va qimmatroq qurol tizimlariga o‘tdi, dedi u. Kansler aniqlik kiritishicha, gap baravar o‘t ochish reaktiv tizimalri, o‘ziyurar gaubitsalar, kontrbatareya radarlari haqida bormoqda.

Ayni paytda ukrain harbiylari Germaniyaning bir nechta nuqtalarida yangi va murakkab qurilmalar bilan ishlash bo‘yicha o‘qitilmoqda, Berlin Kiyevga qancha kerak bo‘lsa, shuncha yordam bermoqchi, dedi Shols.

Avvalroq Shols Rossiyaning o‘zi Germaniyani Ukrainaga qurol yetkazishga majburlaganini aytgandi. U “Putin bizga boshqa tanlov qoldirmadi”, dedi.

Aprel o‘rtalariga kelib, Germaniya qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha o‘z zaxiralarini tugatdi, shundan keyin qurol ishlab chiqaruvchilariga Kiyev uchun yangi qurollar yasab berishni so‘rab murojaat qildi. O‘shanda u Ukrainaga o‘z harbiylari yaxshi tanish bo‘lgan sovet qurollarini yetkazish yaxshiroq ekanini ta’kidlagandi.

Rossiya hukumati G‘arb davlatlari tomonidan Ukrainaga qurol yetkazib berilishini tanqid qilmoqda. Mamlakat prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov G‘arbning qurollari Rossiyaga maxsus operatsiyadan ko‘zlangan maqsadlarga erishishda xalal bermasligini aytgandi. “Agar NATO, mohiyatan, Rossiya bilan proksi orqali urushga kirishayotgan va ushbu proksini qurollantirayotgan bo‘lsa, unda urush urushday bo‘lsin”, — deya ogohlantirgan edi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.