Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ishchisi ustiga benzin sepib, o‘zini yoqib yuborgani haqida xabar berilgan edi. Farg‘ona viloyati hokimligi ushbu holat bo‘yicha “Daryo”ga rasmiy ma’lumot berdi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Qayd etilishicha, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida ishlab kelgan 48 yoshli H.S.ga faoliyati to‘xtatilgan sexdagi ishi o‘rniga zavod qoshidagi unitar korxona — “RSMU neft”dan ish taklif qilingan. Biroq H.S. xuddi shunday o‘rindagi ishga o‘tishga ko‘nmay, 2-avgust kuni korxona oldida ustiga benzin quyib, o‘ziga o‘t qo‘yib yuborgan. Zavod tibbiyot punktida unga birinchi yordam ko‘rsatilib, so‘ngra Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali kombustiologiya bo‘limiga yotqizilgan.

“Ayolning o‘z joniga qasd qilishga urinishi bilan bog‘liq holat viloyat hokimligi tomonidan nazoratga olingan. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Avaz O‘rinboyev va viloyat prokurorining o‘rinbosari Behzod Ismoilov boshchiligida ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh tarkibidan viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi Erkin Nuraliyev ham o‘rin olgan. Hozirda ishchi guruh tomonidan holatning kelib chiqish sabablari bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish natijalari yuzasidan to‘liq axborot taqdim etiladi”, — deyiladi viloyat hokimligining rasmiy ma’lumotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, bugun viloyat hokimining o‘rinbosari – viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Komila Kavlanova Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialida bo‘lib, ayolning holidan xabar olgan.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma’lumot berishicha, holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

“Ayolning o‘zini yoqib yuborishi sabablari aniqlanmoqda. Jabrlanuvchi ayolga ochiq olovdan kuyishi og‘ir darajasi tashxisi qo‘yilgan”, — deyiladi Hayot Shamsutdinovning axborotida.