Butunjahon Oltin Kengashi tomonidan tuzilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab markaziy banklar iyun oylarida oltin xarid qilishni kuchaytirgan. Bu haqda SchiffGold xabar bermoqda.

Foto: Reuters / Ilya Naymushin

O‘zbekiston iyun oyida 8,7 tonna oltin sotib olgan. Oltin zaxiralari mamlakat umumiy zaxiralarining 60 foizdan sal ko‘prog‘ini tashkil qiladi.

Iroq Markaziy banki bu yil oltin zaxiralarini sezilarli miqdorda ko‘paytirgan qo‘shgan bank bo‘ldi. Mamlakat 34 tonna oltin sotib olgan.

Bu Iroq Markaziy banki tomonidan 2018-yilda 7 tonnalik xariddan keyin oltin zaxiralarining birinchi ko‘payishi bo‘ldi. Hozirda Iroq bankida 130 tonna oltin bor.

Turkiya ham o‘z zaxiralariga doimiy ravishda oltin qo‘shib kelmoqda. Iyun oyida mamlakat 7,7 tonna oltin sotib olgan. Turkiya markaziy banki birgina joriy yilning birinchi choragida o‘z zaxiralariga 37 tonna oltin qo‘shdi. Hozirda u 455 tonnadan ortiq oltinga ega.

Iyun oyida Qozog‘iston oltin zaxiralarini 4,2 tonnaga oshirdi. Hindiston esa 3,7 tonna oltin sotib oldi.

1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 35,5 mlrd dollarni tashkil qiladi.

Rivojlanayotgan mamlakatlarga, shu jumladan, O‘zbekistonga ham xalqaro tashkilotlar uch oylik importni moliyalashtirish uchun yetarli bo‘lgan zaxiralarni saqlashni tavsiya qiladi.

35,4 mlrd dollar hozir O‘zbekistonga 20 oydan ortiq importni moliyalashtirish uchun yetarli. Bunday ko‘rsatkich ishonchli hisoblanadi.

Avvalroq O‘zbekiston eng ko‘p oltin sotib olgan davlatlar uchligiga kirgani haqida xabar berilgandi.