Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida er-xotin o‘rtasidagi tortishuv o‘lim bilan yakunlandi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tumanning “Uzun” qishloq fuqarolari yig‘inidagi xonadonlarning birida vaqtincha yashayotgan er-xotin gap talashib tortishib qolgan. 22-iyul kuni soat 21:00 larda yuz bergan oilaviy janjalda 50 yoshli ayol oshxona pichog‘i bilan turmush o‘rtog‘ining qorin qismiga bir marotaba urgan.

Oqibatda er hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati bilan tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Ammo ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, 10 kundan keyin vafot etgan.

Holat yuzasidan viloyat IIB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayolga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.