Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahar ichki ishlar bo‘limi tergovchisi 5 ming dollar pora olgani haqida xabarlar tarqaldi. “Daryo” holatga aniqlik kiritish maqsadida Bosh prokuratura matbuot xizmatiga murojaat qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ushbu ma’lumotni tasdiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, 3-avgust kuni huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchisi Z.K. ish yurituvidagi jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchiga yengillik qilib bergani aniqlangan.

U xizmati evaziga tamagirlik yo‘li bilan talab qilgan 5 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.

Tergovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (tamagirlik yo‘li bilan pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibida ushlangan.