Ijtimoiy tarmoqlarda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov qabuliga kirolmayotganini aytgan fuqaroning videomurojaati e’lon qilindi. Unda fuqaro besh oydan beri vazir qabuliga kirolmayotgani, vazirlikda fuqarolar murojaatiga e’tibor juda sust ekani aytilgan. “Daryo” mazkur muammoni o‘rganish maqsadida murojaatchi fuqaro bilan suhbatlashdi.

Ma’lum bo‘lishicha, videomurojaat orqali chiqish qilgan qiz — Dildora Siddiqova. U nohaq ishdan bo‘shatilgan otasi Komil Ashirov huquqini himoya qilish maqsadida besh oydan beri Madaniyat vazirligi eshigini qoqmoqda. Biroq har safar yo qo‘pol munosabatga yoki vazirlik ishchilarining qarshiligiga duch kelgan.

Dildora Siddiqova.

Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev.

Vazirlikka borishim va bunday video olishimning sababi dadamning nohaq ishdan bo‘shatilgani bo‘ldi. Vazir qabuliga kirish va muammo yuzasidan murojaat qilish uchun dastlab 2022-yilning mart oyida vazirlikka bordim va qabulga yozildim. Shundan so‘ng tez-tez qo‘ng‘iroq qilib, qabul vaqtimiz qachon bo‘lishi haqida so‘rab turdim. Har safar qabul o‘tkazilmayapti, degan javoblarni oldim. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda vazir Ozodbek Nazarbekovning joylarda qabullarda bo‘lgani, aholi bilan uchrashgan jarayoni ko‘ringan videolavhalarni ko‘rib, bizni qabulga chaqirishmayapti degan gumon paydo bo‘ldi. Va yana vazirlikka keldim.

Biroq vazirlik mas’ullari, xususan, fuqarolar murojaati bilan ishlovchi Umid aka qabul bo‘layotganini tan olmadi. Holbuki mas’ullar bilan uchrashishdan oldin vazirlik xodimlaridan biri qabullar doim bo‘layotganini aytgandi”, — deydi “Daryo” bilan suhbatda bo‘lgan Dildora Siddiqova.

Dildoraning aytishicha, vazirlik mas’ullari vazir qabullari haqidagi videolar Ozodbek Nazarbekovning viloyatlardagi sayyor qabullarida tasvirga olinganini, ayni paytlarda vazirlikning o‘zida qabul bo‘lmayotganini aytgan.

Vazirlikdagilarning shu gapidan kelib chiqib, Jizzax viloyati Madaniyat boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qilib, vazirning jizzaxliklar uchun sayyor qabuli iyul oyida bo‘lishini aytishayotganini bildirib, aynan qabul kuni qachon bo‘lishini so‘radim. Ular qabuldan xabari yo‘qligini, vazir qabul o‘tkazayotgan bo‘lsa, unda boshqarmada bu haqda albatta ma’lumot bo‘lishini aytishdi. Shunda Umid akaga menga yolg‘on gapirayotganini aytdim. Va bo‘lgan jarayonni telefonimda tasvirga ola boshladim. Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda ko‘rganingizdek, ular mening telefonimni ham tortib olishdi. Xullas, o‘sha kuni ham hech qanday natijasiz uyga qaytdim, — deydi murojaatchi.

Dildora Siddiqovaning aytishicha, vazirning shu darajada ishi ko‘p bo‘lsa, uning yordamchilari yoki shu ishga aloqador biror bir mas’ul bilan ko‘rishtirishlarini so‘ragan. Ammo natija bo‘lmagan.

Nohaq ishdan bo‘shatilgani aytilayotgan Komil Ashirovning ma’lumot berishicha, u 2016-yil Jizzax shahridagi san’at kollejiga direktor vazifasiga tayinlangan. Mazkur kollej 2019-yil Jizzax ixtisoslashtirilgan san’at maktabiga aylantirilgan. Komil aka mazkur dargohga 2022-yilning mart oyiga qadar rahbarlik qilgan.

Komil Ashirov.

Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev.

Madaniyat vazirligi tomonidan 2021-yil oxiri va 2022-yil boshiga qadar san’at maktabida to‘rt marta tekshiruv o‘tkazildi. Bu tekshiruvlardan asosiy maqsad meni ishdan olish edi. Tekshiruv natijasiga ko‘ra, vazirlik mas’ullari mening faoliyatim davomida 149 million so‘m ortiqcha to‘lov qilinganini, pulni talon-toroj qilganimni aytishdi. Biroq bu holat Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan qayta tekshirilib, 149 million so‘m emas, 1 million 700 ming so‘m mablag‘ ortiqcha to‘langanini aniqlashdi. Va menga vazirlik tomonidan qo‘yilgan ayblovlarni olib tashlashdi, — deydi Komil Ashirov.

Komil akaning qo‘shimcha qilishicha, vazirlikning Jasur Xurramov, Kamoliddin Rahimov va Nurbek ismli xodimlari shunga qaramasdan unga bosim o‘tkazib, unga bo‘shash haqida ariza yozdirgan.

Vazirlik xodimi Jasur Xurramov tekshiruvga kelgach, barcha holatlarni tekshirib, hech qanday ayb topolmagach, qaytishda menga 700 dollar kerak bo‘lib qoldi, qarz berib turing dedi. Men ham tanishimdan bir oyga deb, unga pul olib berdim. Bir oydan so‘ng telefon qilib, pul bergan odam pulini so‘rayotganini, qaytarishi kerakligini aytdim. U esa qochib ketyapmanmi, kutib turing, dedi. Keyinroq yana ikki-uch marta telefon qilib, so‘rasam, men sizdan pul olganim yo‘q, deb tan olmay qo‘ydi. Shu bois bergan pulimni qaytarib olish maqsadida portalga murojaat qildim. Xullas, shu voqealar sabab Jasur Xurramov boshchiligidagi vazirlik ishchilari meni ishdan olish harakatiga tushishdi va ishdan olishdi. Ular menga bosim o‘tkazib, hatto ariza yozmasangiz, yurak kasal bo‘lib o‘lib ketish darajasiga olib boramiz, deb qo‘rqitishdi va ariza olishdi, — deydi Komil Ashirov.

Komil Ashirov madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning qabuliga kirib, unga qo‘yilgan ayblov — 149 million so‘mni yeb ketgani haqidagi gap so‘zlar asossiz bo‘lib chiqqanini, shahar prokuraturasi unga qo‘yilgan ayblovni olib tashlaganini aytmoqchi. Ammo vazirni topolmayapti.

Men shaxsan vazir qabuliga kirib, xodimlarining menga nisbatan qanday adolatsizlik qilganini aytmoqchiman. Vazirning o‘zi bu haqda biladi. Ammo voqealar rivojidan xabari yo‘q. Shu sabab vazirlikka borgandik, — deydi Komil aka.

Komil Ashirov vazir qabuliga kirib chiqqach, haq huquqlarini tiklash uchun sudga murojaat qilishini aytayotgan bo‘lsa, Komil Ashirovning qizi Dildora Siddiqova vazirlik xodimlari dadasiga bosim o‘tkazib, sog‘lig‘idan ajrashiga, ishsiz sarson bo‘lishiga sabab bo‘lgani uchun kechirim so‘rashi kerakligini aytmoqda.

Dildora Siddiqova.

Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev.

Vazirlik xodimlari dadamning hech qanday aybi bo‘lmasa-da, bosim o‘tkazib, sog‘lig‘iga putur yetkazdi. Va boshida hatto direktor sifatida ishdan olib, san’at maktabida oddiy o‘qituvchi bo‘lib ishlashiga ham yo‘l qo‘ymadi. Haq-huquqlarimizni talab qilaverganimizdan so‘ng, o‘qituvchi sifatida faoliyatlarini davom ettirishlariga ruxsat berishdi. 149 million so‘m talon-toroj qilingani haqidagi gap-so‘zlar isbotini topmadi. Shu sabab men vazir oldiga kirib, bor haqiqatni aytishni va vazirlik xodimlari dadamdan uzr so‘rashlarini, jamoasi oldida qanday yuzini qora qilgan bo‘lsa, oqlab berishlarini talab qilaman, — deydi Dildora Siddiqova.

“Daryo” mazkur masala yuzasidan Madaniyat vazirligiga ham murojaat qildi.

Bu haqda bizda batafsil ma’lumot bor. Haqiqatan ham san’at maktabi direktori faoliyatida katta miqdorda kamomadga yo‘l qo‘ygan, shuningdek, ko‘plab xodimlari uning faoliyatidan norozi bo‘lgan. Bizda videofaktlar ham bor. Tez orada bu haqda rasmiy ma’lumot ham beramiz. Faqat bu haqdagi ma’lumotlarni vazir tasdiqlab berishi kerak, — deydi vazirlik axborot xizmati rahbari Orifjon Fayziyev.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.