Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ishchisi ustiga benzin sepib, o‘zini yoqib yuborgani haqida xabar berilgan edi. Shundan so‘ng viloyat hokimligi axborot xizmati mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

“Ayolning o‘z joniga qasd qilishga urinishi bilan bog‘liq holat viloyat hokimligi tomonidan nazoratga olingan. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Avaz O‘rinboyev va viloyat prokurorining o‘rinbosari Behzod Ismoilov boshchiligida ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh tarkibidan viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi Erkin Nuraliyev ham o‘rin olgan. Hozirda ishchi guruh tomonidan holatning kelib chiqish sabablari bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish natijalari yuzasidan to‘liq axborot taqdim etiladi”, — deyiladi viloyat hokimligining rasmiy ma’lumotida.

Foto: “Daryo” / Elyor Mamajonov

Keyinroq bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotganini ma’lum qildi.

“Ayolning o‘zini yoqib yuborishi sabablari aniqlanmoqda. Jabrlanuvchi ayolga ochiq olovdan kuyishi og‘ir darajasi tashxisi qo‘yilgan”, — deyiladi Hayot Shamsutdinovning axborotida.

“Daryo” muxbiri holat yuzasidan mutasaddilardan izoh olish maqsadida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida bo‘lib, korxona rahbarlari bilan suhbatlashdi.

Foto: “Daryo” / Elyor Mamajonov

Zavod direktori Habib Latipovning ta’kidlashicha, o‘z joniga qasd qilishga uringan xodim ishdan bo‘shatilmagan, balki o‘zi ishlayotgan sex faoliyati tugatilgani uchun zavod tarkibidagi boshqa bir korxonaga qayta rasmiylashtirilgan. Bundan tashqari, voqea sodir bo‘lgan kuni uning zavodga kirib chiqishiga imkon beruvchi ruxsatnomasi olib qo‘yilgani haqidagi ma’lumotlar ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Qayd etilishicha, zavod rahbariyati mazkur hodisa bilan bog‘liq holatga oydinlik kiritishda huquq-tartibot idoralari va Farg‘ona viloyati hokimligi bilan hamkorlik qilmoqda. Ayol va uning farzandlariga dori-darmon, oziq-ovqat va boshqa masalalarda zarur yordam ko‘rsatilmoqda.

Ushbu hodisa jamiyatda keng rezonansga sabab bo‘ldi, shu boisdan korxonamiz hamkasbimiz bilan sodir bo‘lgan fojiali voqeani xolis yoritishdan manfaatdor”, — deydi zavod direktori Habib Latipov.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi rahbarining xavfsizlik bo‘yicha o‘rinbosari Bahrom Shergaziyevning ma’lum qilishicha, voqea ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yozilganidek tushdan keyin ro‘y bermagan. 2-avgust kuni tongda, zavodda navbatdagi ish kuni boshlanayotgan vaqtda sodir bo‘lgan.

Foto: “Daryo” / Elyor Mamajonov

Kuzatuv kameralarida qayd etilgan videoyozuvlarga ko‘ra, Sanobar Haydarova o‘sha kuni soat 7:37 da ishga kelgan va ruxsatnomasini uyda unutib qoldirgani uchun zavod hududiga kiritilmagan. Qo‘riqlash xizmati xodimlari o‘z vazifasiga amal qilgan holda hamkasbining ichkariga kirishiga ruxsat bermagan. Shundan so‘ng Sanobar Haydarova yaqinlariga qo‘ng‘iroq qilgan va ruxsatnomasini olib kelib berishlarini iltimos qilgan. Ayolning jiyani ruxsatnomani olib kelganda, ish vaqti boshlangani uchun zavod hududiga xodimlarni kiritish to‘xtatilgan. Qo‘riqlash xizmati xodimlari ayolga ichki tartibga ko‘ra bayonnoma rasmiylashtirilishi, unda xodimning ishga kechikish sabablari ko‘rsatilishi, shundan keyin uni korxona hududiga kiritishlari mumkinligini ma’lum qilishgan. Bu holatdan g‘azablangan ayol qo‘riqchilar bilan qisqa muloqotdan so‘ng binoni tark etgan.

Bahrom Shergaziyevning ta’kidlashicha, zavodning kirish joyida o‘t o‘chirish uskunasi bo‘lmagani, ayol yona boshlagach, uni o‘chirishga harakat qilinmagani va yordam ko‘rsatilmagani haqidagi ma’lumotlar ham noto‘g‘ri. Bu holat to‘liq kuzatuv kameralarida qayd etilgan.

Foto: “Daryo” / Elyor Mamajonov

Soat 8:31 da ayol qaytib kelgan va binoga kirishdagi nazorat punkti oldida plastik idishdagi benzinni ustidan quyib, o‘zini yoqib yubormoqchi bo‘lgan. Xavfsizlik xodimlari darhol ushbu holatning oldini olishga harakat qilgan. Biroq olovni yoqishga muvaffaq bo‘lgan ayolning kiyimlari yonib ketgan. Qo‘riqchilar o‘t o‘chirgich va kiyimlar yordamida yong‘inni tezda o‘chirishgan. Yong‘inni o‘chirish va ayolga yordam ko‘rsatish davomida qo‘riqlash xizmati xodimlaridan ikki nafari ham turli darajada kuyish jarohati olgan.

O‘tkazish punktida navbatchilik qilayotgan tibbiyot bo‘limi hamshirasi Barno Obidova soat 8:31 da shirkatning tibbiy yordam guruhiga qo‘ng‘iroq qilgan. Soat 8:37 da Sanobar Haydarova tez yordam mashinasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga yuborilgan. Hozirda hamkasbimiz shifokorlar hamda zavoddagi hamkasblari nazorati ostida zarur muolajalarni olmoqda”, — deydi Bahrom Shergaziyev.

Xodimlarni boshqarish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Feruza Boltaboyevaning ma’lum qilishicha, Sanobar Haydarova 2014-yildan “Neftchi” sport sog‘lomlashtirish majmuasida farrosh sifatida ishlab kelgan. Keyinchalik zavodning 32-qurilish-ta’mirlash sexiga bo‘yoqchi sifatida ishga qabul qilingan.

426 nafar xodim mehnat qilayotgan ushbu sex faoliyati tugatilishi rejalashtirilgan. Shu sababdan joriy yilning aprel oyida barcha xodimlar bilan ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilgan. Bir qator xodimlarga, jumladan, Sanobar Haydarovaga ham ta’mirlash-qurilish mexanika boshqarmasiga ishga o‘tish taklif qilingan. Yangi boshqarmada taklif qilinayotgan ish sharoitlari zavoddagi ishdan ish haqi, lavozim, ijtimoiy paketlar va toifa jihatidan farq qilmaydi.

Faoliyati tugatilayotgan 32-sex xodimlariga jumladan, Sanobar Haydarovaga ham Mehnat kodeksiga muvofiq yozma ogohlantirish xatlari berilgan. Ushbu ogohlantirish xatida ko‘rsatilgan muddat 9-iyun kuni tugagan. Shu muddat tugaganidan keyin ham xodim bilan uni yangi ishga o‘tkazilishi bo‘yicha tushuntirish ishlari doimiy ravishda olib borilgan. Zavod ma’muriyati tomonidan xodimni ishdan bo‘shatishga qaratilgan harakatlar amalga oshirilmagan. Ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lab borilgan”, — deydi Feruza Boltaboyeva.

Joriy yilning 1-avgust kuni Sanobar Haydarova Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi qoshidagi “RSMU NEFT” unitar korxonasiga ishga kirish uchun ariza bergan va 2-avgust kunidan uni ishga qabul qilish haqida korxona rahbarining 1-58/k-sonli buyrug‘i chiqarilgan. Shu kuni zavod rahbarining 592/k-sonli buyrug‘iga asosan Sanobar Haydarova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning roziligiga ko‘ra bekor qilingan. Shu tariqa Sanobar Haydarova 1 avgust kuni eski ish joyidan bo‘shatilib, yangi korxonaga ishga olingan.

“Daryo” muxbiri ayol davolanayotgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialida bo‘lib, mutaxassislardan bemorning ahvoli to‘g‘risida ma’lumot oldi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali kuyganlar bo‘limi mudiri Davlatjon Oripovning aytishicha, bemorning ahvoli og‘ir, tanasi II-III – AB darajali 65-70 foiz kuygan.

Joriy yilning 2-avgust kuni soat 8:00 larda shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga tez tibbiy yordam mashinasida olib kelindi. Bemor zudlik bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizildi. Bemor kerakli mutaxassislar va kombustiologlar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib unga alangadan tananing II-III – AB darajali 65-70 foiz termik kuyishi tashxisi qo‘yildi. Davolash standartlari bo‘yicha barcha muolajalar bajarildi. Bemorga zarur yordam ko‘rsatilib, uning holati stabillashgandan keyin davolanish uchun kombustiologiya bo‘limiga olib chiqildi. Kombustiologiya bo‘limida bemorga davolash standartlari bo‘yicha kerakli muolajalar ko‘rsatilmoqda. Mutaxassislar tomonidan zarur tavsiyalar olinib, bajarilmoqda. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali tomonidan bemor to‘liq nazoratga olingan”, — deydi Davlatjon Oripov.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.