Go‘zal, nozik va juda nazokatli Nastenka hammadan ko‘proq baxtli bo‘lishi va sevilishi kerakdek tuyiladi. Ammo hayot Natalya Sedixga ko‘p sinovlarni tayyorlab qo‘ygandi. Garchi u mashhur aktrisaga aylangan bo‘lsa ham hayoti o‘lim yoqasida qoldi, shafqatsiz xiyonatga chidadi va kinodagi karyerasini tark etishiga to‘g‘ri keldi. “Noviy ochag” nashri aktrisaning muvaffaqiyatga boy ko‘rinsa-da, ammo boshqalarnikidan tamoman farq qiladigan taqdiri haqida so‘z yuritdi.

Foto: “Noviy ochag”

4 yoshidan boshlab figurali uchishni o‘rgandi

Natasha o‘z yo‘lini 4 yoshidayoq tanlagan: o‘shanda u birinchi marta televizorda figurali uchish musobaqalarini ko‘rgandi. Tomosha qizni shunchalik hayratda qoldirdiki, u, albatta, figurali uchuvchi bo‘lishga qaror qildi. Uning ota-onasi ham uni bu qarorda qo‘llab-quvvatladi. Faqat Natashani figurali uchish bo‘limiga darhol qabul qilishmadi: u juda kichkina edi. Ammo u o‘zini yo‘qotmadi, jasorat bilan zalning o‘rtasiga chiqdi va murabbiy Tatyana Granatkina uchun haqiqiy namoyishni uyushtirdi. Qizaloq maydonni aylanib chiqdi va televizor ekranida ko‘rgan narsasini takrorlashga urinib, oyoqlari bilan piruet yasadi. Murabbiy bunday qat’iyatdan hayratda qoldi va ta’sirlandi, natijada Natashani qabul qilishdi.

Balet tanlovi

Foto: “Noviy ochag”

Granatkina Natashaning raqs harakatlarini ko‘rib, figurali uchishda muvaffaqiyat qozonishini tushunib yetdi va unga “Bolshoy teatr”ning balet maktabiga kirishga harakat qilishni maslahat berdi. Katta raqobatga qaramay, Natasha maktabga qabul qilindi. Unga hamma joy yoqdi, lekin bir kuni uning ham tanlov qilishiga to‘g‘ri keldi: u bir vaqtning o‘zida balet bilan shug‘ullanib, Olimpiya o‘yinlarida qatnasha olmasdi. O‘ylanib ko‘rib, baletni to‘xtatishga qaror qildi, chunki ko‘proq raqsga tushishni yaxshi ko‘rardi. Natalyaning ajoyib qobiliyati mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi: “Maktab yillarida klassik raqsda men faqat 5 baho olardim. O‘qishni tugatgandan so‘ng ular meni ‘Bolshoy teatr’ga olib ketishdi. Agar ishga qabul qilinmaganimda buni aniq bilaman, kasbimni o‘zgartirgan bo‘lardim. Men boshqa teatrda raqsga tushmasdim”, — deydi u.

Nadejda Rumyanseva Nastenkaga aylanishi mumkin edi

Foto: “Noviy ochag”

“Ayoz bobo”da Sedixning paydo bo‘lishiga bilvosita sabab bo‘lgan narsa — bu balet: rejissor Aleksandr Rou uning “O‘layotgan oqqush” spektaklini ko‘rdi va 15 yoshli balerinani o‘zining ertagiga taklif qildi, chunki unda haqiqiy Nastenkani ko‘rgandi. To‘g‘ri, Nadejda Rumyanseva ham kastingga taklif qilingandi, ammo Rou Natashani tanladi. Shuningdek, balet maktabida u juda ko‘p yoqimsiz narsalarni tinglashi kerak bo‘ldi: rahbariyat talabaning suratga tushishda ishtirok etishiga keskin qarshi edi, chunki bu uni asosiy darslardan chalg‘itardi. Iqtidorli qiz uchun uning ustozi Sulamif Messerer ruxsat so‘radi. Va Natasha suratga olish guruhi bilan Kola yarim oroliga suratga tushish uchun ketdi. Suratga olish paytida u o‘zining birinchi muhabbatini uchratdi: Nastenkani o‘ziga rom qilgan yigit Ivanushka rolini o‘ynagan Eduard Izotov edi. “Ayoz bobo”ning muvaffaqiyati kutilganidan ham ortib ketdi, Natalya Sedix yulduzga aylandi. Keyin yana bir nechta filmda rollari paydo bo‘ldi va agar uni “Bolshoy teatr”ga qabul qilishmasa, u VGIKga kirib, aktrisa bo‘lishga qaror qildi. Ammo u ilk urinishdayoq qabul qilindi va taqdiri o‘sha yerda belgilandi. U endi suratga tushishga harakat qilmas, bor vaqti va butun kuchini sevimli baletga bag‘ishlardi.

Rashkchi “Otello” uni bo‘g‘ib o‘ldirishiga bir baxya qoldi

Foto: “Noviy ochag”

Balerina shaxsiy hayoti uchun ham vaqt ajratib turdi. Uning bir nechta o‘tkinchi munosabatlari bo‘lsa-da, turmushga chiqishga shoshilmadi: u baletga sodiq qolishni xohladi. Afsuski, keyin balerina uchun deyarli fojiali yakunlangan voqea yuz berdi. Leningradda gastrol safarida “Samoviy qaldirg‘ochlar” filmi uchun musiqa yozgan bastakor Viktor Lebedev Natalyani sevib qoldi. Tanishuvning birinchi oqshomida Lebedev Natashaga bosim o‘tkazdi: uning maqsadga erishish niyatida o‘zini qo‘pol tutishi Natashani hayratda qoldi. Ertasi kuni aybini yashirish uchun o‘zini butunlay boshqa odam sifatida ko‘rsatdi. Natasha u bilan uchrashishga rozi bo‘ldi, munosabatlar rivojlandi, u Lebedevni qanday sevib qolganini sezmadi.

Ammo keyin balerinaning yangi ishqiy munosabatidan xabar topgan “sobiq” oshiqlardan biri Leningradga qarab yugurdi. Tashlab ketilgan janob balerinaga yashirincha hujum qilib, uni bo‘g‘ib o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Natasha juda qo‘rqib ketdi: u bo‘g‘ilayotganini his qildi. Uni faqat rashkchi Otelloning xotini bo‘lish va’dasi qutqardi. Natasha Otelloning qo‘lidan chiqqach, muhlatdan foydalanib, Lebedevning oldiga qochib ketdi.

“Mehmon nikoh”

Foto: “Noviy ochag”

Bu voqealarning barchasi Natalyaning Lebedevga turmushga chiqishga rozi bo‘lishiga olib keldi. Ikki yil o‘tib, ular turmush qurdi, ammo bastakor birinchi xotini bilan ajrashishi kerak edi. Ularning birgalikda yashashi g‘alati tuyildi. Natalya esa o‘z hayotini teatrsiz tasavvur qila olmadi, shuning uchun u Moskvada qoldi. Viktor Lebedev Leningrad Badiiy akademiyasida dars bergani uchun shaharni tark eta olmadi. Uchrashuvlar kamdan-kam, ammo sog‘inchga boy bo‘ldi. Faqat juftlikning o‘g‘li Alyosha tug‘ilgandan so‘ng Sedix bir muncha vaqt hech qayerga ketmadi, eri bilan Leningradda qoldi. Ammo tez orada faqat ona, xotin va uy bekasi bo‘lish uning taqdiri emasligini his qildi, u chindan ham raqsga tushishi kerak edi. U yana teatrga qaytib, chaqalog‘ini onasi va yollangan enagaga ishonib topshirdi. Ba’zan u Leningradga kelar, ba’zida Viktor uning oilasiga tashrif buyurardi. Va bir kuni Natasha sevgilisi uchun kutilmagan sovg‘a tayyorlab, oldindan xabar bermasdan uning yoniga uchishga qaror qildi. Ammo balerinani ham kutilmagan voqea kutardi: u turmush o‘rtog‘ini xiyonat ustida ushladi. “Men o‘sha paytda 35 yoshda edim, nafaqaga bir necha oy qolgandi. Men nihoyat Sankt-Peterburgga ko‘chib o‘tishimni o‘ylab, sevinardim. Lebedev biroz sabr qilishi kerak edi. Qizig‘i shundaki, uning hisobi bo‘yicha sodir bo‘lgan hamma narsadan keyin go‘yoki men uni tashlab ketganman”, — deydi aktrisa bu haqda.

“Men faqat o‘zimga ishonishga o‘rgandim”

Foto: “Noviy ochag”

Natalya Sedixning hayotida yana bir qancha tanlovlar bo‘ldi. Ammo u boshqa turmushga chiqmadi. Uning e’tirofiga ko‘ra, u yolg‘izlikda o‘zini juda yaxshi his qiladi: u erkin va hech kimga hisob bermasdan xohlagan narsasini qila oladi. Katta teatrdagi karyerasi tugagandan so‘ng (balerinalar erta nafaqaga chiqadi), Mark Rozovskiy Natalyani “Nikitskiy darvozalarida” teatriga taklif qildi va keyin u o‘zining aktyorlik salohiyatini anglab, yana bir nechta filmlarda rol o‘ynadi. Ehtimol, uning taqdiri kimgadir achinarli tuyilishi mumkin: aslida Sedix balet uchun hamma narsasi — kinodagi karyerasi, shaxsiy hayotini qurbon qildi. Lekin u o‘zini baxtli deb biladi, umrining “Bolshoy teatr”ga bag‘ishlagan yillaridan hech qachon afsuslanmaydi. “Men faqat o‘zimga ishonishga odatlanganman, hech kim menga xiyonat qila olmaydi, zarar yetkaza olmaydi”, — deydi nazokatli Nastenka.