Ijod olamida o‘zini sinab ko‘rgan va turli sabablar bilan san’atni tark etganlar juda ko‘p. Xo‘sh, ular san’atni tark etgach qanday faoliyat bilan shug‘ullanmoqda? “Daryo” muxbiri Nargiza Murodova sobiq ijodkorlardan bir guruhi bilan suhbatda bo‘ldi.

Afsona

“Jiyda gulim” va “Nurli nurli” qo‘shig‘i bilan tinglovchilarga yaxshi tanish bo‘lgan xonanda Afsona so‘nggi yillarda umuman ijod qilmay qo‘ydi.

Foto: Instagram / @afsonaofficial

— Ko‘p vaqtimni oilam davrasida o‘tkazyapman. O‘g‘lim Zohir juda yosh, uning tarbiyasi va parvarishi bilan bandman, — deydi Afsona.

Afsona sayohat qilishni va sport bilan shug‘ullanishni yaxshi ko‘radi.

U ayollarga ozish va chiroyli qomatga erishish bo‘yicha videolar tayyorlaydi.

Diyorbek Mahkamov

Bolalik chog‘idan katta sahnaga chiqib Shuhrat Qayumov, Manzura kabi mashhur ijodkorlar bilan duet kuylashga muvaffaq bo‘lgan. Afsuski u ijodini 2016-yilda yakunlagan.

Foto: Instagram / @diyor_mahkamov

— Hozirgi kunda dadamning ishini davom ettiryapman. Bundan tashqari, restoranlarim ham bor, — deydi Diyorbek Mahkamov.

Sobiq xonanda “Merhaba Steakhouse” restorani sohibidir. Uning nafaqat O‘zbekistonda balki Qozog‘istonning Olmaota shahrida ham yemakxonasi bor.

Kamola Arslonova

“Opa-singillar” serialida Diyora rolini ijro etgan Kamola Arslonova ham san’atni butunlay tark etgan. U sakkiz yildan buyon Turkiyaning Izmir shahrida yashaydi. U Mesut ismli kichik tadbirkorga turmushga chiqqan. Ularning Axsen ismli qizlari bor.

Foto: Instagram / @diyora.ars

Kamola Arslonova qo‘l mehnati bilan shug‘ullanadi, shu bilan birga onlayn dars o‘tib hunarini boshqalarga ham o‘rgatadi. Ammo ikkinchi farzandiga homiladorligi sabab vaqtincha sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullanolmayapti.

Sherzod Bin

Sherzod Bin taxallusi bilan ijod qilgan komik aktyor Sherzod Saidaliyev ham san’atni butunlay tark etgan. U ayni kunlarda onasi va turmush o‘rtog‘i bilan birga AQSHda istiqomat qiladi.

Foto: Instagram / @sherzod.saidaliev1

— 12 yillik ijoddan voz kechishim oson bo‘lmadi. Ammo hayotimdagi kutilmagan vaziyat sabab, shunday qilishim to‘g‘ri ekanini angladim. Oddiy inson bo‘lib yashash mazza, qalbda halovat bor, — deydi Sherzod Saidaliyev.

U bir necha do‘stlari bilan kichik yemakxona tashkil etgan. Bir muddat nonvoychilik bilan ham shug‘ullangan.

Madina Mumtoz

Xonanda va aktrisa Madina Mumtoz ham san’atni butunlay tark etgan. U turmush o‘rtog‘ining talabi bilan faqat ayollar ishtirok etadigan to‘ylarda qo‘shiq kuylardi. Ammo bir yildan buyon bunday to‘ylarda ham ishtirok etmayapti.

Foto: Instagram / @madinamumtoz

— Asosiy vazifam farzand tarbiyasi. Ko‘proq vaqtimni ular bilan birga o‘tkazishga harakat qilaman. Oshpazlik kurslarim esa sevimli mashg‘ulotim, — deydi Madina Mumtoz.

Madina Mumtozning oshpazlik kurslari onlayn tarzida o‘tsa-da, unga talab nihoyatda yuqori. Shu bilan birga uning “Osiyo sulton” nomli kelin ko‘ylaklari saloni ham bor.

Sevara

Foto: Instagram / @maryam_safinalove

Xonanda Sevara o‘zbek shou-biznesida yonib chiqqan xonandalardan biri edi. Afsuski uning ijodi uzoqqa cho‘zilmadi. U oila qurib, farzandli bo‘lgach san’atni tark etdi.

U ayni kunlarda Safina ismli qizalog‘ining parvarishi va Maryam nomli internet do‘konining faoliyati bilan band.

Erkin Xudoyqulov

“Besh o‘g‘il” qo‘shig‘i bilan tinglovchilarga yaxshi tanish bo‘lgan xonanda Erkin Xudoyqulov xonandalik sohasidan ketib, bir necha yil rahbar lavozimida faoliyat yuritdi.

Foto: Instagram / @erkinjon_xudaykulov

— Toshkent shahri Chilonzor tumani Madaniyat boshqarmasida, undan keyin Sirdaryo viloyati Madaniyat bosh boshqarmasida rahbari lavozimida ishladim. Hozir esa erkin ijodkor bo‘lish tarafdoriman. Charchadim, — deydi Erkin Xudoyqulov.

Doston Ubaydullayev

Foto:Instagram / @2doston_ubaydullaev

Xonanda Sardor Rahimxonning xayrli loyihalariga bosh qo‘shgan hamkasbi Doston Ubaydullayev ham ko‘p o‘tmay san’atni butunlay tark etdi. Xonanda bilan bog‘lanib, nimalar bilan bandligiga qiziqdik. Ammo u hech qanday tijorat ishi bilan shug‘ullanmayotgani va ilm o‘rganayotganini ma’lum qildi.

Iroda Iraliyeva

Ulug‘bek Rahmatullayev bilan kuylangan “Mini yubka-2” qo‘shig‘i bilan xalqqa tanilgan xonanda Iroda Iraliyeva ham san’atni butunlay tark etgan. Ayni damda u uch farzandning onasi va go‘zal oilaning bekasi hisoblanadi.

Sobiq xonanda intervyularining birida uzoq yil befarzand bo‘lgani va Haq yo‘lini tanlagach, Alloh unga o‘g‘il farzand in’om etgani haqida so‘zlab bergandi. U bor e’tiborini ilm o‘rganish va farzandlarining tarbiyasi bilan shug‘ullanishga sarflayotganini bildirib o‘tgan.

Bonu

Foto: “Daryo”

“Qora tun” va “Afsona” qo‘shiqlari bilan tanilgan xonanda Bonu ham allaqachon san’atni tark etgan. Ayni mashhurlik cho‘qqisiga erishganda sud ishi va jiddiy xastaligi bois uning hayoti butunlay o‘zgarib ketgan.

U sog‘aygach, mashina va ko‘chalarga kichik reklama e’lonlarini tarqatish bilan shug‘ullanadigan firmaga ishga kirgan. Hozirda shu firmaning kichik hisobchisi bo‘lib faoliyat yuritadi.

Mavzuga doir: