Xitoyning Tayvan atrofida o‘tkazayotgan harbiy mashg‘ulotlari Sharqiy Osiyodagi savdo va tijoriy sayohatning to‘xtab qolish xavfini keltirib chiqarmoqda. Bu haqda CNN xabar berdi.

Foto: Bloomberg

Bu esa kemalarni mamlakatdan uzoqlashishga majbur qilib, global ta’minot zanjirlariga yanada bosim o‘tkazmoqda.

4-avgustda Xitoy Tayvanni o‘rab turgan dengiz va havo bo‘shlig‘ida dengiz floti, havo kuchlari va boshqa harbiy kuchlar ishtirokidagi mashg‘ulotlarni boshladi.

Bu AQSH Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Xitoy bir necha bor ogohlantirgan o‘zini o‘zi boshqaradigan orolga tashrifiga javoban to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuch namoyishidir.

2-avgustda Xitoy Mudofaa vazirligi orol atrofidagi oltita zona xaritasini e’lon qildi, unda u havo va dengiz mashqlari hamda 7-avgustga qadar davom etadigan uzoq masofali jonli otishma mashqlarini o‘tkazishini aytdi.

Tayvan bo‘g‘ozi, Tayvan oroli va kontinental Osiyoni ajratib turadigan 110 milya kenglikdagi arteriya shimoli-sharqiy Osiyoning Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi yirik iqtisodiyotlari va dunyoning qolgan qismi o‘rtasida yuk tashuvchi kemalar uchun asosiy savdo yo‘lidir.

Londonda joylashgan VesselsValue yuk tashish konsalting kompaniyasi Tayvan hududiy suvlarida hozirda 256 ta konteyner va boshqa kemalar borligini aytdi.

Mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan 4-8-avgust kunlari orasida yana 60ta shunday kema mamlakat hududiga kelishi kutilmoqda.

VesselsValue kompaniyasining savdo oqimi tahlilchisi Piter Uilyamsga ko‘ra, bu mintaqadagi savdoga sezilarli darajada putur yetkazishi mumkin.

Avvalroq Xitoy harbiy mashg‘ulotlar doirasida Tayvan bo‘g‘ozidagi nishonlarga zarbalar bergani haqida xabar berilgandi.