O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 39 foizi pora berishni korrupsiya deb hisoblamasligini bildirgan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov Senat yalpi majlisidagi ma’ruzasida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Akmal Burxonov

Foto: “Daryo”

Akmal Burxonovning aytishicha, aholining aksariyat qismi barcha tashkilotlarda korrupsiya mavjud deb hisoblaydi.

Aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 36 foiz aholi korrupsiya, poraxo‘rlik va tamagirlik hamma joyda mavjud deb hisoblaydi. Respondentlarning 37 foizi ayrim sohalarda korrupsiyaga oid jinoyatlar mavjud, degan fikrda. Yoki bo‘lmasa, yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda ularning 39 foizi pora berishni korrupsiya deb hisoblamasliklarini bildirishgan.

Statistik hisobotlarga ko‘ra, 2020-yilda respublika bo‘yicha 1 ming 148 ta korrupsiyaviy jinoyat ishlari sudga yuborilgan bo‘lsa, 2021-yilda bu raqam 3 ming 769 tani tashkil etgan. Masalan, o‘tgan yili Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida 56 milliard so‘mdan ortiq miqdordagi moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Shundan 7 milliard so‘mlik kamomad va o‘zlashtirishlarga yo‘l qo‘yilgan, 12 milliard so‘mlik maqsadsiz xarajatlar qilingan. Davlat budjetiga yetkazilgan 9 milliard so‘mlik zararning undirilishiga erishilgan.

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi kadastr agentligi tizimidagi xodimlar attestatsiyadan o‘tkazilib, korrupsiyaga moyilligi bo‘lgan 1 ming 476 nafar xodim bilan mehnat shartnomalari bekor qilindi, – dedi agentlik rahbari.

Ma’lum qilinishicha, 2021-yilda o‘tkazilgan monitoringda budjet tashkilotlari tomonidan 898 ta holatda jami 65,9 milliard so‘mlik shartnomalar davlat xaridlari bo‘yicha qonun talablariga zid ravishda tuzilgan. Oqibatda 14 ming 271 ta holatda moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. 2021-yilda davlat xaridlari sohasida qonun buzilish holatlari bo‘yicha jami 103 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Akmal Burxonovning qo‘shimcha qilishicha, korrupsiyaga qarshi kurashishda O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni yuqorilab bormoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o‘rni yaxshilanishiga erishildi. Masalan, 2021-yil uchun Transparency international xalqaro tashkiloti reytingida O‘zbekiston 2020-yilda 2019-yilga nisbatan 7 pog‘ona yuqorilab, 146–o‘rinni egallagan. 2021-yilda 6 pog‘onaga yuqorilab, 140-o‘rinni egalladi hamda indeks bahosida qatorasiga 5 yil davomida barqaror o‘sishga erishdi, – deya ta’kidladi u.

Avvalroq Senatda Akmal Burxonovning tibbiyot tizimida aniqlangan korrupsiya borasida bergan hisobotiga sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev e’tiroz bildirgani xabar qilingandi.

Juda katta raqamlar qo‘yilib ketmoqda. Hisobotning 34-varag‘ida 50 milliard so‘m, 45-varag‘ida 56 milliard so‘mlik moliyaviy kamchiliklar aniqlangan, deyilyapti. Bu hisobot moliyaviy nazorat organidan olingan ma’lumotlar asosida tayyorlangan. Moliyaviy nazorat organi korrupsiyani aniqladi, deylik. Bu korrupsiyaviy holat bo‘ldimi, yo‘qmi hali, buni sud isbotladimi, yo‘qmi. Bu kamchiliklar sudda o‘z dalil-isbotini topmagan,– degan vazir.

Akmal Burxonov bunga javoban, moliyaviy xato va kamchiliklar Moliya vazirligi, Hisob palatasi va boshqa nazorat qiluvchi organlar tomonidan aniqlanib, umumlashtirilgani, keltirilayotgan statistika sudlar tomonidan ko‘rilgan va hukm chiqarilgan ishlarga asoslanganini aytgan.