AQSH prezidenti Jo Baydenda 30-iyul kuni yana koronavirus aniqlangani xabar qilingandi. Uning davolovchi shifokori Kevin O’Konnor prezidentning koronavirusga topshirgan testi salbiy natija berganini ma’lum qildi.

Foto: Global Look Press

“Bayden 16 kunlik kasallikdan so‘ng koronavirus uchun salbiy test natijasini oldi. Prezident o‘zini juda yaxshi his qila boshladi. O‘tgan shanba kuni uning koronavirus testi ijobiy natijani ko‘rsatganini hisobga olib, biz kunlik monitoringlarni davom ettirdik. Bugun ertalab uning SARS-CoV-2 testi salbiy chiqdi. Prezident ikkinchi marta salbiy natijani olgunga qadar kuchaytirilgan izolyatsiya choralarini davom ettiradi”, — deydi shifokor.

U, shuningdek, AQSH prezidentining holati yoki davolanish rejasidagi har qanday o‘zgarishlar haqida xabar berib borishini ta’kidlagan.

21-iyul kuni Amerika yetakchisi koronavirus bilan kasallangani ma’lum bo‘lgan edi, biroq o‘shandan keyin 26—29-iyul kunlari o‘tkazilgan testlar natijalari manfiy bo‘lgan. 30-iyul kuni esa Baydenning COVID testi musbat chiqqan.

Baydenning o‘zi unda kasallik alomatlari yo‘qligini ta’kidlagan, shunga qaramay, 79 yoshli siyosatchi o‘zini izolyatsiya qilishni reja qilgan.