Toshkent shahri Chilonzor tumanida katta daraxtlarning ildiziga shikast yetkazilgani haqida xabar berilgandi. Bosh prokuratura tomonidan rekonstruksiya qilish jarayonida daraxtlarga zarar yetkazilgani holati tekshirildi.

Foto: Telegram

Qayd etilishicha, mutaxassislar tomonidan Chilonzor shohko‘chasidagi qurilish hududida mavjud bo‘lgan 108 ta daraxt ahvoli o‘rganilgan. O‘rganishda 7 ta eman daraxtining tomir qismi ochilishi oqibatida shikast yetkazilgani hamda daraxtlar xavf ostida qolgani aniqlandi.

Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, ushbu holatda zudlik bilan choralar ko‘rilmagan taqdirda shikast yetkazilgan daraxtlar qurishi oqibatida tabiat va atrof muhitga 348,9 million so‘m zarar yetkazilishiga olib kelishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Toshkent shahri hokimligi ham holat yuzasidan munosabat bildirdi.

O‘rganishlar natijasida ijtimoiy tarmoqlarda aytilganidek, 100 ta daraxtga emas, balki 7 ta daraxt ildiz tizimining ust qismiga qisman zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi va zudlik bilan ularni qutqarish chora-tadbirlari belgilab olindi. Xususan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi Toshkent botanika bog‘i bo‘lim boshlig‘i Atirgul Xolmirzayevaning ko‘rsatmalariga binoan, uch qismdan iborat bo‘lgan yer tarkibining ikki qismini biogomus, qolgan bir qismini qum bilan aralashtirgan holda to‘ldirish kerakligi ta’kidlandi. Ildizlari ochilib qolgan qismlarga fitosparin, mayda ildizlarning o‘sib ketishi uchun kornevin preparatlari tavsiya etildi. Daraxtlarning ildizlarini oziqlantirish uchun mikroelementli gumatni suv bilan to‘yintirib, sug‘orish kerakligi aytib o‘tildi, — deyiladi munosabatda.

Toshkent shahri hokimi tomonidan mas’ullarga loyihadagi olti chiziqli avtomobil yo‘li o‘rniga to‘rt chiziqli avtomobil yo‘lini qoldirish, ortib qolgan joyni esa yashil hududga aylantirish topshirig‘i berildi. Jahongir Ortiqxo‘jayev shahar prokuroriga ushbu loyihada qo‘yilgan xatoliklar uchun loyiha institutiti, quruvchilar, ekologiya bo‘limi va, umuman, ushbu loyihada qatnashgan barcha mutasaddilarga chora ko‘rilishi zarurligini ta’kidladi.

Avvalroq katta daraxtlar ildiziga shikast yetkazgan tashkilotga 261 million so‘m jarima belgilangandi.