Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulklarini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda agentlik direktori Akmal Burxonov Senat yalpi majlisidagi ma’ruzasida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”

Akmal Burxonovning aytishicha, qonun ishlab chiqish bilan birga, mansabdorlar daromadlari va mol-mulkini ochiq ko‘rsatadigan tizim ham yaratilgan.

O‘zbekiston prezidentining 2021-yil 6-iyundagi farmonida davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlarning mas’ul rahbarlari hamda mansabdor shaxslarning daromad va mol-mulkini majburiy deklaratsiyalashdan o‘tkazish tizimini joriy etish belgilangan. Agentligimiz Axborot texnologiyalari vazirligi, Jahon bankining ekspertlari bilan birgalikda bu tizimni yaratdik. Ya’ni texnik qismini ishlab chiqdik. Bugungi kunda tizimga 40 ta vazirlik va idoralarning axborot bazalarini uladik. Ya’ni tizim tayyor holatda.

Bundan tashqari, “Davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulklarini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ham ishlab chiqdik. Sizlar (senatorlar–tahr.) tomonidan ma’qullangan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda ham ushbu masala belgilab o‘tilgan. Bundan buyon, davlat fuqarolik xizmatchilarini daromad va mol-mulki majburiy deklaratsiya qilinishi belgilandi. Agar bu qonunlar qabul qilinib, kuchga kiradigan bo‘lsa, albatta, biz tizimning ishlab ketishiga sharoitlarni yaratdik, – dedi agentlik rahbari.

Akmal Burxonovning ta’kidlashicha, barcha vazirlik va idoralar mazkur tizimga o‘z bazalarini ulashga ruxsat bergan.

Boshqa davlatlarnikidan bu tizimning katta farqi shundaki, siyosiy iroda bo‘lgani uchun barcha vazirlik va idoralar bizga o‘zlarining bazalariga ulanish imkoniyatini berishdi. Ya’ni endi davlat xizmatchilari tizimga o‘zlarining ism-familiyalarini kiritsalar bo‘ldi. Ularning mol-mulki va daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda, to‘liq chiqib keladi. Bu inson omilini qisqartiradigan tizimdir. O‘ylaymanki, qonunlarimiz qabul qilinsa, bu tizimning ishga tushishi ta’minlanadi, – dedi tashkilot rasmiysi.

Avvalroq Akmal Burxonov 2021-yilda sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar haqidagi ma’lumotlar hamda aholida korrupsiyaga nisbatan qarashlar bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlar natijalarini ma’lum qilgandi.