Buxoro viloyatining Kogon shahridagi “Gazchilar” qo‘rg‘onida sodir bo‘lgan yong‘in kuz-qish mavsumida aholiga tabiiy gaz yetkazib berilishiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu haqda “O‘ztransgaz” AJ mas’ullari Buxoroda OAV vakillari uchun tashkil etilgan press-turda ma’lum qildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”

Buxoro viloyatining Kogon shahridagi “Gazchilar” qo‘rg‘onida joylashgan magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli KS-1 gaz kompressori stansiyasida yong‘in sodir bo‘lgan edi. Kogon magistral gaz quvurlari boshqarmasi boshlig‘i Nodir Amonovning OAV vakillariga ma’lumot berishicha, mazkur voqea sabab 16 ming kub gaz yonib, havoga uchgan. Hamda stansiyaga 56 million so‘m zarar yetgan.

Foto: “Daryo”

“Kogon KS-1 gaz kompressori stansiyasida sodir bo‘lgan yong‘in ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, bu yilgi qish mavsumida vodiy gaz bilan ta’minlanmasligi haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Bu holat prezident va jamoatchilikdan yashirib kelinayotgani aytildi. Aslida bu gaplar asossiz. Shu sabab ham biz OAV vakillari va blogerlarni voqea joyiga taklif qilib, to‘g‘ri axborotni beryapmiz”, — deydi mas’ullar.

Press-turda ta’kidlanishicha, mazkur stansiya orqali Buxoro, Navoiy viloyatidagi sanoat iste’molchilari ham yetarli bosimdagi gaz bilan ta’minlab kelinmoqda. Shuningdek, Samarqand viloyatining uchta tumaniga ham shu joydan tabiiy gaz yetkazib beriladi.

Foto: “Daryo”

“Stansiyadan manzillarga gaz yetkazuv apparatlaridan birining parragi bir necha santimetr sinib ketishi oqibatida avariya yuzaga kelgan va oqibatda yong‘in sodir bo‘ldi. ‘Kogon KS-1’ kompressor stansiyasining 1964-yili ishga tushirilganini inobatga oladigan bo‘lsak, biror marotaba bunday holat sodir bo‘lmagan. Yong‘in holatini eshitiboq, obyektga muhofaza qiluvchi kranlar kiritildi, shundan so‘ng yong‘in o‘chiruvchi mashinalar kiritildi”, —deydi “Kogon KS-1” kompressor stansiyasi rahbari Ilhom Ostonov.

“O‘ztransgaz” AJ axborot xizmati rahbari Tolibjon Rahmatovning so‘ziga ko‘ra, biror bir gazkompressor stansiyasida avariya chiqqan taqdirda ham iste’molchilarga tabiiy gazni uzluksiz yetkazib berish uchun zaxira tarmoqlardan foydalaniladi.

Foto: “Daryo”

“Bugungi kunda respublikada ikkita yerosti gaz saqlash omborlari mavjud. Ulardan biri Andijon viloyatidagi Xo‘jaobod yerosti gaz saqlash omboridir. Ushbu omborxonalar gaz iste’moli kamaygan yoz mavsumi chog‘ida to‘ldirib olinadi. Omborxonalarda to‘plangan gaz kuz-qish mavsumida iste’molchilarga yetkazib beriladi”, — deydi Tolib Rahmatov.