Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan o‘rganish ishlari o‘tkazildi. Natijalar quyidagi holatlarni ko‘rsatdi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Qayd etilishicha, agentlikning hududiy tuzilmalari xodimlari tomonidan respublikadagi 190 dan ortiq bozorlar o‘rganilgan. Bu iste’molchilarga chakana savdoni amalga oshiruvchi 51 mingga yaqin savdo majmualari va bozorlarning savdo joylarini qamrab olgan. Xususan, o‘rganishlarda qo‘llanilayotgan olti mingga yaqin (5981) tarozi asboblaridan 1474 tasi (24 foiz hollarda) foydalanishga yaroqliligi tasdiqlanmagan. Ularda o‘z vaqtida ko‘rikdan o‘tkazilganini tasdiqlovchi belgi mavjud emas. Bunday tarozilar me’yorda xizmat ko‘rsata olmasligi mumkin, o‘lchovlarning aniqligi ham kafolatlanmagan.

Agentlikka iste’molchilar tomonidan xarid qilish chog‘ida tarozilarning noto‘g‘ri o‘lchayotgani yuzasidan shikoyatlar kelib tushmoqda. Iste’molchi tomonidan sotib olingan mahsulotlar qayta tortib ko‘rilganida vazni kam chiqqani ma’lum bo‘lgan.

Agentlikning hududiy tuzilmalari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida sotuvchilar tomonidan tovarlarni savdo davomida tarozilarni o‘rnatish talablari buzilgani ham aniqlangan. Xaridorlar tarozilar o‘rnatilgan joy atrofi turli tovarlar yoki inventarlar bilan to‘sib qo‘yilgani bois o‘lchab tortish jarayonni kuzatishning iloji bo‘lmagan.

Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari Xorazm viloyatidagi Qo‘shko‘pir dehqon bozor MCHJda tarozi jihozlari holati ayanchli ekani, bu yerdagi mavjud savdo obyektlari umumiy sonining atigi 2 foizigina savdo markazlari vazn tarozilari bilan jihozlangan, xolos.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi “Nukus dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli dehqon bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan umumiy savdo markazlari va shoxobchalarining (1036 ta) bor-yo‘g‘i 15 foizi (159 ta) da tarozilar bor.

Andijon viloyati Asaka tumani dehqon bozori “Asaka dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tarozilar bilan jihozlanish darajasi atigi 5 foizni tashkil etadi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, qonun buzilishlarni bartaraf etish hamda aholiga xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish yuzasidan bir qator dehqon bozorlariga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.