Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida 23 yoshli sportchi yigit suvdan o‘lik holda topildi. Marhumning akasi ukasi o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin degan gumonga bormoqda. Bu haqda Telegram'dagi “Qitmir muxbir” kanali ma’lumot berdi.

Marhum Islom Karimov.

Foto: “Daryo” / Dilshod Karimov

“Daryo” muxbiri voqeani surishtirdi. Aytilishicha, marhum 2022-yilning 14-iyul kuni Qarshi magistral kanalidan akasi tomonidan topilgan.

Ukamni g‘ovvoslar 12—13-iyul kunlari izlab topolmagach, o‘zim va qarindoshlar, oshna-og‘aynilarim birikib yana izladik va 14-iyul kuni kanaldan topdik. Suvdan chiqqanda ukamning jasadi shishib ketgan edi. To‘g‘ri, ikki-uch kun suvdan qolgan, shishadi. Ammo ukamda kaltak izlari ham bor edi-da. Qolaversa u suvga shunchaki cho‘kib ketmaydi. Sportchi yigit edi. Holsizlikdan yoki kaltaklanib, sog‘lig‘iga zarar yetganidan so‘ng cho‘kib ketgan bo‘lishi mumkin, — deydi marhumning akasi Dilshod Karimov.

Marhumning akasi ukasi voqea joyiga 2022-yilning 11-iyul kuni kechasi soat 23:00 dan so‘ng do‘sti tomonidan “ishxonamdagi bir bola bilan tortishib qoldim”, deb chaqirilganini aytmoqda.

O‘sha kuni ukamning do‘sti ukamga telefon qilib, ishxonamda bir bola bilan tortishib qoldim deb, uni chaqirgan. Ukam voqea joyiga borganda do‘sti, o‘zi va bir taksichi bola bo‘lgan. Ikkinchi tomondan esa 10-15 kishi kelgan. Ukamning og‘aynisi uning suvga tushganini ko‘rmay qolgan. Ikkinchi tomondagilar esa ukam qochish uchun suvga tashlaganini, shundan keyin suvdan qaytib chiqmaganini aytyapti. Ukam suvda yaxshi suzardi. O‘zidan o‘zi cho‘kib ketishi mumkin emas. U ko‘p kaltaklanib, holsiz bo‘lib qolgani uchun cho‘kib ketgan yoki suvga tashlab yuborilgan degan taxminimiz bor, — deydi marhumning akasi.

Dilshod Karimovning qo‘shimcha qilishicha, ish prokuraturaga o‘tgan. Ammo hech kim surishtirmayapti.

Marhum Islom Karimov.

Foto: “Daryo” / Dilshod Karimov

Prokuraturaga telefon qilsak, hech kim javob bermaydi. Ekpertiza xulosasidan ham xabarimiz yo‘q. Ukamning do‘stiga telefon qilib so‘rasam, hali hech kim tergovga chaqirmadi deyapti, — deydi marhumning akasi.

“Daryo” mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi bilan bog‘lanib, qo‘shimcha axborot so‘radi. Mas’ullar tez orada bu haqda batafsil ma’lumot berilishini bildirdi.