Qashqadaryodagi bog‘chada tarbiyalanuvchining opasi ustiga shisha siniqlari tushishi oqibatida vafot etgandi. Viloyat prokuraturasi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Xabar qilinishicha, Shahrisabz shahri  “Yangihayot” MFY hududida joylashgan 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 2014-yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan S.X. baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgani holati yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ish bo‘yicha sudga oid tibbiy ekspertiza hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Tekshiruv viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Ma‘lumot uchun, 28-iyul kuni maktabgacha ta’lim tashkilotida mazkur muassasaga qatnamaydigan, 2014-yilda tug‘ilgan S.X. singlisi A.X. bilan birgalikda bog‘chaga kelgan. Tayyorlov guruh tarbiyachisi S.X. hamda A.X.ning onasining iltimosiga ko‘ra, qonunga zid ravishda S.X.ni singlisi bilan bog‘chada qolishiga ruxsat bergan.

Tushlik paytida opa-singil S.X. va A.X. tashkilot hojatxonasiga chiqqan. Opasi hojatxona ichkarisiga kirgan paytda singlisi tashqaridan hojatxona eshigini ochib-yopib o‘ynagan. Shunda hojatxona eshigining oynasi sinib, shisha bo‘laklari S.X.ni jiddiy jarohatlagan.

Voqea joyida tashkilot hamshirasi tomonidan tezda birinchi yordam ko‘rsatilgan. Biroq S.X.ning jarohati chuqurligi sabab ko‘p qon yo‘qotish oqibatida qiz vafot etgan.

Avvalroq Namangandagi bog‘chada tilini chaynab yuborgan 5 yoshli bola vafot etgani yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilgandi.