G‘arb sanksiyalari fonida rossiyalik dasturchilar Afrika, Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlarida faoliyat boshladi. Shuningdek, ularning O‘zbekistonga qiziqishi sezilarli darajada oshdi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Rossiya kompaniyalari orasida Yevropa bozorlariga qiziqish pasaygan bo‘lsa-da, hali butunlay tark etishga tayyor emas.

Ukrainada urush boshlangani sabab sanksiyalar kiritilgandan so‘ng, rossiyalik dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilari o‘z mahsulotlari va xizmatlarini Janubiy va Sharqiy Osiyo, Janubiy va Markaziy Amerika va O‘rta Sharq bozorlariga eksport qilishni boshladi.

Agar 2021-yilda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning 5,3 foizi Janubiy va Sharqiy Osiyo bozoriga chiqishni rejalashtirgan bo‘lsa, 2022 yilda ular 9,6 foizga yetdi.

Rossiya kompaniyalari O‘zbekiston bozorlariga qiziqish bildirmoqda — respondentlarning 9,6 foizi mamlakatga kelishni rejalashtirgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yili 6,8 foizga teng edi.

Shu bilan birga, rossiyalik dasturchilar Yevropa va Amerika bozorlariga qiziqishlarini yo‘qotmoqda.

Nashr tashkil etgan so‘rovnomada qatnashgan kompaniyalarning atigi 3 foizi 2022-yilda Yevropa bozoriga chiqishni rejalashtirmoqda – bir yil avval bu ko‘rsatkich 7,8 foizni tashkil etgan.

AQSH va Kanada bozorlariga qiziqish 6,8 foizdan 1,8 foizga tushdi. 2021-yilda 2,9 foiz kompaniyalar Braziliya va Meksikada ishlashga qiziqish bildirgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 1,8 foizga tushgan.

DZ Systems bosh direktori Dmitriy Zavalishin Rossiya dasturchilarining Osiyo, Afrika va Yaqin Sharq bozorlariga qiziqishini tasdiqlaydi.