Sirdaryo viloyati Guliston shahrida MCHJ rahbari ustama to‘lov sharti bilan fuqarolarning pul mablag‘ini jalb qilgani aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Ta’kidlanishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Guliston shahri bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda “D.I.” MCHJ rahbari U.A. va boshqalar fuqarolardan go‘yoki investitsiya ko‘rinishida pul mablag‘ini jalb etib, har oy o‘n foiz ustama to‘lovlari to‘lab berishga ishontirib, 5 nafar fuqaroning 105,8 million so‘mi va 17 ming dollarni qo‘lga kiritib, o‘zlarining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi (pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.