Rossiya hukumati G‘arb davlatlari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga javoban joriy qilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam so‘rab Turkiyaga murojaat qildi. Bu haqda The Washington Post nashri xabar bermoqda.

Foto: The Washington Post

Maqolada aytilishicha, Rossiya va Turkiya prezidentlarining Sochida bo‘lib o‘tgan muzokaralari arafasida Ukraina razvedkasi Rossiya rasmiylarining Turkiyaga taklifi haqidagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan.

Xabarga ko‘ra, Rossiya Turkiyani neftni qayta ishlash zavodlari, neft terminallari va tanklaridagi ulushlarni sotib olishga ruxsat berishga chaqirmoqda. Bu qaror, neftning kelib chiqishini yashirishga, sanksiyalar jumladan, Yevropa Ittifoqi neft embargosini chetlab o‘tishga yordam berishi mumkin, deydi The Washington Post.

Shuningdek, mamlakatning davlat banklarida Rossiyaning eng yirik moliyaviy tuzilmalari uchun hisob raqamlarini ochishni va rossiyalik sanoat ishlab chiqaruvchilariga Turkiyaning erkin iqtisodiy zonalarida ishlashga ruxsat berishni so‘raydi.

Shunga qaramay, Turkiya Rossiya taklifiga rozi bo‘lishidan darak yo‘q, chunki bunday qo‘llab-quvvatlash turk banklari va kompaniyalariga ikkinchi darajali sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qiladi.

Nashr bilan gaplashgan G‘arb rasmiylari Rossiya Turkiyaga aynan nimani taklif qilganidan bexabar ekanliklarini aytishdi. Biroq ularda Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tish va ulardan keladigan iqtisodiy zararni kamaytirish yo‘llarini qidirayotgani haqida ma’lumotlar bor. Xususan, ta’kidlanishicha, Rossiya rasmiylari dunyo bo‘ylab potensial hamkorlar izlash bilan band.

5-avgust kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Sochiga keldi. Kreml xabar qilishicha, prezidentlar ikki tomonlama hamkorlik (ham iqtisodiy, ham harbiy-texnik), Suriya va Ukraina, jumladan, Ukraina portlaridan don eksporti bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilgan.

Mavzuga doir: Turkiya prezidenti Putin bilan uchrashish uchun Sochiga keldi