Eron Madaniyat va islom vazirligi ayollarning reklamalarda suratga tushishini taqiqladi, deb yozadi Meduza. Taqiq, shuningdek, videolarda “ayollarga xos obrazlar”dan foydalanishga ham tegishlidir.

Skrinshot: YouTube

Bazasi Londonda bo‘lgan Iran International telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oxirida vazirlik bu haqda Eron san’at va kino maktablariga yo‘naltirilgan xatda ma’lum qilgan. Xuddi shunday xatlar Eron reklama agentliklariga ham kelib tushgan. Ayollarning Eronda reklamalarda paydo bo‘lishi “hijob va iffat haqidagi qonun”ga muvofiq taqiqlangan.

Eron hukumati reklama haqidagi, ayollar, erkaklar va bolalardan “vosita sifatida foydalanish”ni taqiqlovchi amaldagi qonunga tayandi. Odamdan “vosita” sifatida foydalanishga taqiq doim amal qilib kelgan, biroq “vosita sifatida foydalanish” talqini muayyan prezident ma’muriyatlarining siyosiy va diniy qarashlariga bog‘liq, deyiladi Iran International xabarida.

Ayollarning reklamalardagi ishtiroki Eronning Domino kompaniyasi bir ayol boshiga ro‘mol sharf tashlab, avtomobilni boshqarib ketayotgani, so‘ng esa shokoladli qiyom bilan qoplangan muzqaymoqni yegani aks etgan rolikni chiqarganidan keyin taqiqlandi. Xuddi shu kompaniyaning yana bir reklama videosida ayol kishi muzqaymoqqa qiyoslangan.

Eron hukumati Domino kompaniyasini sudga berdi. Mahalliy axloq politsiyasi fikricha, ushbu ikki video “jamoat tartib-intizomlariga zid”, “ayollar qadr-qimmatini haqoratlaydi”, shuningdek, jamiyatda “axloqsizlik propagandasi”ga yetaklaydi.

Bularning barchasi islomiy kiyinish qoidalariga rioya qilish va hijob kiyish haqidagi bahslar fonida yuz bermoqda. Eronda hijob 1979-yilgi islom inqilobidan keyin ayollar uchun majburiy bo‘ldi, ammo ko‘pchilik eronlik ayollar bu talablarni e’tiborsiz qoldirdi.

2022-yil iyulida Eronda, hukumat fikricha, hijobni noto‘g‘ri o‘raydiganlarga qarshi qaratilgan hijob va iffat haqida qat’iy qonun qabul qilindi. 5-iyul kuni imzolangan qarorga ko‘ra, ayollarga soch, bo‘yin va yelkani yopadigan ro‘mol o‘rash majburiyati yuklandi. Axloq politsiyasi yangi qoidani buzayotganlarni qo‘lga ola boshladi. Eronning o‘z xohishiga ko‘ra hijob taquvchi ayollari ham ushbu xatti-harakatlarga qarshi chiqdi.