G‘arb mamlakatlari hukumatlari Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik chuqurlashib borayotganidan va Anqara Moskvaga cheklovlarni aylanib o‘tishda yordam bergan taqdirda, unga qarshi kiritiladigan ikkilamchi sanksiyalar xavfi oshayotganidan tobora ko‘proq xavotirlanmoqda. Bu haqda Financial Times g‘arblik rasmiy shaxslar orasidagi olti nafar manbasiga tayanib yozmoqda.

Foto: “TASS”

G‘arblik mansabdorlar xavotirining kuchayishiga Rossiya va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning 5-avgust kuni Sochidagi uchrashuvdan keyin bergan bayonoti sabab bo‘lgan. Ular savdo va energetika sohalarida hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini ma’lum qilgandi.

Yevropalik mansabdorlardan biri aytishicha, Yevroittifoq Moskva va Anqaraning hamkorligini “tobora ko‘proq e’tibor bilan” kuzatmoqda. Uning fikricha, Turkiya Rossiya bilan savdo uchun platformaga aylanib bormoqda. Yana bir amaldor Anqaraning Moskvaga nisbatan xatti-harakatlarini “juda opportunistik” (o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, xudbinlik va prinsipsizlik bilan vaziyatdan foydalanish) deb atadi. “Biz turklarning e’tiborini o‘z xavotirlarimizga qaratishga urinmoqdamiz”, — dedi u.

Agar rasmiy Anqara 4-avgust kuni e’lon qilganidek, Moskva bilan bitimlarga rioya qilishda davom etsa, G‘arb mamlakatlari bizneslarni turk bozoridan ketishga yoki undagi ishtirokini qisqartirishga chaqirishi mumkin, dedi G‘arb mansabdorlaridan biri. Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, agar G‘arb kompaniyalari va banklari bunga amal qilsa, Turkiya 800 milliard dollar miqdorida iqtisodiy zarar ko‘rishi mumkin. FT manbalariga qaraganda, bunday chora “Turkiya Rossiya bilan aloqalarini kengaytirishi tufayli yuzaga keladigan xavf ortidan” ma’qullanishi mumkin.

Ammo gazetaga suhbatdosh bo‘lgan boshqa G‘arb mansabdorlari bunday qaror qabul qilinishi mumkinligiga qo‘shilmadi. Ularning qayd etishicha, Turkiyaga qarshi cheklovlar mexanizmi amaliy va huquqiy nuqtai nazardan qanday ishlashi, shuningdek, “bunday qadam yaxshi g‘oya bo‘lishi-bo‘lmasligi” aniq emas.

Manbalardan biriga ko‘ra, Turkiyaga qarshi ikkilamchi sanksiyalar a’zo mamlakatlar orasidagi turli fikrlar fonida Yevroittifoq uchun murakkab qarorga aylanadi, ammo bir qator mamlakatlar cheklov choralarini mustaqil qabul qilishi ham mumkin.

Bryusselda Turkiyaga qarshi ehtimoliy sanksiyalar muhokama qilinganicha yo‘q. Shuningdek, Putin va Erdo‘g‘onning Sochidagi muzokaralari bo‘yicha barcha tafsilotlar va oqibatlar hozircha aniq emas.

Gap Rossiya va Turkiya prezidentlari o‘rtasida 5-avgust kuni Sochida bo‘lib o‘tgan muzokaralar haqida bormoqda. Uchrashuv qariyb to‘rt soat davom etdi. Qabul qilingan bayonotga ko‘ra, Turkiyaga yetkazib beriladigan Rossiya gazi uchun to‘lovning bir qismi rublga o‘tkaziladi. Putin va Erdo‘g‘on, shuningdek, don eksporti to‘g‘risidagi bitimning to‘liq bajarilishini yoqlab chiqdi (shu jumladan, Rossiya oziq-ovqat mahsulotlari va o‘g‘itlarini jahon bozoriga yetkazib berish haqidagi), Liviya suverenitetini va Suriya hududiy yaxlitligini himoya qilishga kelishib oldi.