Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Pokiston OAVlarining “Al-Qoida” rahbari Ayman az-Zavohiriy Qirg‘iziston hududidan uchirilgan uchuvchisiz uchar qurilma zarbalari orqali yo‘q qilingani haqidagi xabarlarini yolg‘on deb atadi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.

“Manas” bazasi, 2001-yil

Foto: Wikipedia

“Ushbu axborot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va yolg‘ondir”, — deya ma’lum qildi muassasadagilar.

“Manas aeroportida tranzit tashuvlari markazi o‘z faoliyatini 2014-yilda yakunlagan. Ayni paytda amerikalik yoki boshqa chet ellik harbiylar aeroport hududida mavjud emas va hech qanday faoliyat olib bormaydi”, — deyiladi idora xabarida.

6-avgust kuni Pokistonning ingliz tilidagi Dawn nashri Kobulda “Al-Qoida” rahbari Ayman az-Zavohiriyni o‘ldirgan dron Amerikaning Qirg‘izistondagi sobiq aviabazasidan uchirilganini ma’lum qilgandi. Nashr Amerika matbuotiga tayangan, biroq aynan qaysi OAV ekanligi aytilmagan.

2-avgust kuni AQSH prezidenti Jo Bayden o‘zining amerikaliklarga murojaatida Afg‘onistonda o‘tkazilgan aksilterrorchilik operatsiyasi natijasida “Al-Qoida” rahbari Ayman az-Zavohiriy o‘ldirilganini ma’lum qilgan edi.