AQSH tomonidan Ukrainaga xavfsizlik sohasidagi navbatdagi yordam paketi shu kungacha bo‘lgan eng yiriklaridan biriga aylanadi, topshirilishi kutilayotgan qurol-yarog‘ va texnika hajmi 1 milliard dollarga baholanmoqda, deb yozadi Reuters o‘z manbalariga tayanib.

Foto: “TASS”

Ukraina HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi va NASAMS “yer-havo” zenit-raketa majmuasi uchun o‘q-dorilar hamda 50 ta M113 gusenitsali bronetransportyorlarni qabul qiladi. O‘q-dorilar Kiyevga allaqachon yetkazib berilgan NASAMS tizimlari uchun mo‘ljallangani yoki yangi pusk qurilmalari yetkazib berilguniga qadar Ukrainaga oldindan joylashtirilishi hozircha noma’lum bo‘lib qolmoqda.

AQSH prezidenti Jo Bayden hozircha ushbu yordam paketini ajratish haqidagi hujjatni imzolagani yo‘q, uning tarkibi o‘zgarishi mumkin. Rejalashtirilayotgan qurol-yarog‘ va texnika to‘plamini Ukraina Baydenning kongressdan rozilik so‘ramasdan, favqulodda vaziyatga javob sifatida Pentagon zaxiralarini berish vakolatlari doirasida qo‘lga kiritadi.

AQSH shu paytgacha Ukrainaga harbiy ko‘mak paketining 17 tasini ma’qullagan, ularning oxirgisini ajratish haqida Bayden avgust boshida farmon imzolagan edi. Uning hajmi 550 million dollarni tashkil qildi va o‘z ichiga HIMARS uchun o‘qlar hamda 155 millimetrli artilleriya uchun 75 mingta o‘q-dorilarni oldi.

Avvalroq Germaniya Ukrainaga hatto o‘z armiyasida bo‘lmagan eng yangi qurol-yarog‘larni yetkazib berayotgani ma’lum bo‘lgandi. Germaniyaning Ukrainaga harbiy ko‘magi qisqargani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, Ukraina qurolli kuchlari Berlindan qabul qilgan qurol-yarog‘ hali hatto Germaniya qurolli kuchlarining o‘zida ham yo‘q, dedi Germaniya kansleri Olaf Shols.

Rossiya hukumati G‘arb davlatlari tomonidan Ukrainaga qurol yetkazib berilishini tanqid qilmoqda. Mamlakat prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov G‘arbning qurollari Rossiyaga maxsus operatsiyadan ko‘zlangan maqsadlarga erishishda xalal bermasligini aytgandi. “Agar NATO, mohiyatan, Rossiya bilan proksi orqali urushga kirishayotgan va ushbu proksini qurollantirayotgan bo‘lsa, unda urush urushday bo‘lsin”, — deya ogohlantirgan edi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.