Sardiniyadagi Mater Olbia kasalxonasi shifokorlari iyul oxirida Giyen — Barre sindromi tashxisi bilan yotqizilgan “Rosnano” sobiq rahbari Anatoliy Chubaysga javob berdi, deb yozadi Meduza.

Anatoliy Chubays

Foto: La Repubblica

Italiyaning La Repubblica gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, Chubays 6-avgust kuni ertalab kasalxonadan chiqarilgan. U Frankfurt-Maynga jo‘nab ketgan, u yerda reabilitatsiya kursidan o‘tmoqda. Chubays Germaniyada reabilitatsiyadan o‘tishi haqida “TASS” ham anonim manbasiga tayanib xabar berdi.

Anatoliy Chubays Kiprdan Italiyaga uchib kelganida kasalxonaga joylashtirilgan edi. Bu haqda birinchi bo‘lib Kseniya Sobchak xabar bergan. Chubaysning kasalxonada yotgani aks etgan suratlar bilan ham bo‘lishgan. Uning o‘zi ahvoli o‘rtacha og‘irlikda ekanini ma’lum qilgan. Kremldagilar Chubaysga tezroq sog‘ayishni tilagan, ammo uning kasalxonaga yotqizilishi bilan bog‘liq tafsilotlardan bexabarligini aytgan.

La Repubblica ma’lumotlariga ko‘ra, Chubays kasalxonadaligida uni Tempyo-Pauzaniya shahar prokurori so‘roq qilgan, Italiya karabinerlari maxsus bo‘limi ekspertlari esa zahar qidirib, toksikologik tahlil o‘tkazgan.

Toksikologik test natijalari hozircha yo‘q, ammo rossiyalik menejer organizmi davolanishga reaksiya ko‘rsatgan, shuning uchun shifokorlar bu zaharlanish emas, balki og‘ir nevrologik kasallik — Giyen — Barre sindromi ekaniga ishonchi komil, aynan u bemorning qo‘llari va oyoqlarini bloklab qo‘ygan.

2020-yil dekabriga qadar Anatoliy Chubays “Rosnano” davlat korporatsiyasiga rahbarlik qilgan, so‘ng Rossiya prezidentining xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha maxsus vakili lavozimida ishlagan. 2022-yil martida Chubays iste’foga chiqib, Rossiyani tark etdi. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, u Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan noroziligi sababli ketganini aytgan. “TASS” yozishicha, Chubays va uning atrofidagilar korrupsiyaga nisbatan tekshirilmoqda (bu rasman tasdiqlanmagan).