“Ipak yo‘li-2022” xalqaro rallisida g‘olib bo‘lgan turkmanistonlik poygachilarga prezident Serdar Berdimuhamedov Nissan Pathfinder mashinasini sovg‘a qildi. Ushbu avtomobilni u 2018-yilda otasi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan birga yig‘gan edi, deb yozadi Asia Plus.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Avtomobil sporti bo‘yicha Turkmaniston termasi “T2 1000 km.dan yuqori” yo‘nalishida barcha sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Sportchilar iyul oxirida Turkmanistonga qaytdi. 3-avgust kuni Avaza shahrida hukumat poygachilarni, shuningdek, Toshkentda o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati musobaqalarida qatnashgan og‘ir atletikachilarni taqdirladi. Serdar Berdimuhamedov marosimda qatnashmadi, uning tabrigini “Turkmenistan segodnya” davlat agentligi e’lon qildi.

Atletlarga mamlakatda ishlab chiqarilgan televizorlar va Avaza kurortiga yo‘llanmalar hadya qilindi. Poygachilarga esa Gurbanguli Berdimuhamedov nomidagi bolalarga ko‘mak fondidan kiyim-bosh va anjomlar hamda ota-bola Berdimuhamedovlar “o‘z chizmalari asosida” yig‘gan Nissan Pathfinder avtomobili berildi. Sportchilar “zudlik bilan yangi formani kiyib, yo‘ltanlamasga o‘tirgan”.

2018-yilda Berdimuhamedovlar avtomobilning poygalar chog‘idagi “qo‘shimcha ishonchliligi”ni ta’minlash uchun uni qaytadan jihozlagan edi. Shundan keyin uni o‘zlari sinab ko‘rgan.

“Ipak yo‘li” yo‘nalishi 2022-yilda Astraxanda boshlanib, ishtirokchilar Moskvaning “Lujniki” stadionida finishga yetib keldi. Musobaqalarda Rossiya, Belarus, Turkmaniston, Qozog‘iston, Bolgariya vakillari qatnashdi.