Avvalroq Ukraina tomonidan gumanitar huquqlar va urush olib borish qoidalari buzilgani haqida ma’ruza e’lon qilgan Amnesty International xalqaro huquqni himoya qilish tashkiloti ushbu ma’ruza tufayli kelib chiqqan “azob-uqubat va g‘azablar” uchun uzr so‘radi, deb yozadi “RBK”.

Foto: Global Look Press

“Amnesty International bizning ukrain harbiylarining jangovar uslublari haqidagi ma’ruzamiz keltirib chiqargan og‘riqlar va g‘azablardan afsusda”, — deyiladi tashkilot tarqatgan xabarda.

Tashkilotda qayd etishlaricha, bunday ma’ruzalarni tuzishda asosiy prioritet fuqaro shaxslar himoyasini ta’minlashdan iborat bo‘ladi. “Tadqiqotning so‘nggi qismini chiqarishda bizning yagona maqsadimiz shu edi. Ma’ruzadagi xulosalardan voz kechmasak-da, ma’ruza natijasida yuzaga kelgan og‘riqlardan afsus bildiramiz”, — deya xulosa qilishdi Amnesty International’dagilar.

Amnesty International 4-avgust kuni e’lon qilgan hisobotida Ukraina harbiy texnika va qurollarni maktab va kasalxonalarga joylashtirish orqali urush qonunlarini buzayotgani hamda bu harakatlari bilan tinch aholi hayotini xavf ostiga qo‘yganini ma’lum qildi.

Ma’ruza e’lon qilinganidan keyin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy tashkilotni Rossiyani “jazodan ozod qilib”, “javobgarlikni qurbonning zimmasiga qo‘yish”ga urinishda aybladi. Amnesty International’ning Ukrainadagi ofisi direktori Oksana Pokalchuk esa iste’fo berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina tomoni o‘z pozitsiyasini tashkilotga yetkazgach, matn o‘chirilib, uning o‘rniga yangisi paydo bo‘lishiga umid qilgan. “Bugun tushundimki, bunday bo‘lmas ekan”, — deya qo‘shib qo‘ydi u.

Shunga qaramay, Amnesty International 6-avgust kuni tashkilot ma’ruza xulosalariga sodiq qolishini ma’lum qildi.