Vashington Rossiyani terrorizm homiysi bo‘lgan mamlakat deb tan olishi kerak, ushbu tashabbus AQSH prezidenti Jo Bayden tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi masalasi ahamiyatsiz, dedi demokrat va respublikachilardan senatorlar Richard Blyumental va Lindsi Grem CNN telekanali efirida.

Richard Blyumental va Lindsi Grem

Foto: Getty Images

Ko‘plab masalalar bo‘yicha qarashlari har xil bo‘lishiga qaramasdan (masalan, kelasi prezident saylovida amaldagi yetakchi Baydenni yoki sobiq prezident Trampni qo‘llab-quvvatlash masalasida), Rossiyani terrorizm homiysi bo‘lgan davlat deb tan olish borasida ikkala senator ham bir xil fikrga ega. Ularning fikricha, bu qarorni yo prezident, yo kongress qabul qilishi kerak, agar Bayden ma’muriyati kongressmenlar bilan hamkorlik qilishni istamagan taqdirda.

“Umid qilamanki, prezident ushbu pozitsiyani o‘z ixtiyori bilan qabul qilishga qaror qiladi va undan voz kechmaydi”, — dedi Blyumental. “Men Bayden ma’muriyati bilan hamkorlik qilishni xohlardim. Biroq bu amalga oshishi uchun qonunlar qabul qilishimiz kerakmi-yo‘qmi — bunga bog‘liq bo‘lmagan holda, buni qilishga tayyormiz”, — deya qo‘shib qo‘ydi Grem.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, ikkala siyosatchi ham iyunda Ukrainaga borib, prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashgan va Kiyevga ko‘proq gumanitar yordam yuborishga, shuningdek, Rossiyaga terrorizm homiysi maqomi bilan birga, yanada qat’iyroq sanksiyalar kiritishga chaqirgan edi. Telekanal qayd etishicha, ushbu maqom tasdiqlanishi uchun AQSH Davlat departamenti javob beradi.

Hozirda AQSHda terrorizm homiylari ro‘yxatiga Suriya, Eron, KXDR va Kuba kabi to‘rtta mamlakat kiradi. Ushbu ro‘yxatga kirish davlat bilan hamkorlikka qat’iy cheklovlar, mudofaa mahsulotlari eksportiga taqiq, qo‘sh maqsadli mahsulotlar eksporti ustidan nazorat, moliyaviy va boshqa cheklovlar kiritilishini ko‘zda tutadi. Bundan tashqari, terrorizm homiysi bilan savdo aloqalarini saqlab qolgan boshqa davlatlarga qarshi sanksiyalar ham nazarda tutilgan.

Avvalroq AQSH Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi AQSH Davlat departamenti Rossiyani terrorizm homiysi sifatida tan olmasa, bu ishni Kongress amalga oshirishi haqida davlat kotibi Entoni Blinkenni ogohlantirgan edi. Shundan keyin Blinken Rossiyaga qarshi qabul qilingan sanksiyalarning o‘zi xuddi mamlakatni terrorizm homiysi deb tan olish kabi oqibatlarni keltirib chiqarishini aytgandi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy amerikalik hamkasbi Jo Bayden bilan suhbatda Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlat sifatida tan olishni so‘radi, deb yozgan edi Washington Post aprel oyida. Bunga javoban Bayden mazkur masalada aniq bayonotlar bermagan va rasmiy Moskvaga bosim o‘tkazishning turli yo‘llarini ko‘rib chiqishga tayyorligini ta’kidlagan.