“‘Kolumbiya qodir’ tarixiy pakti” so‘l koalitsiyasi vakili va Bogota sobiq meri Gustavo Petro Kolumbiya prezidenti lavozimiga kirishdi, deb yozadi “RBK”. Inauguratsiya marosimi Bogotadagi Bolivar maydonida, kongress binosi oldida bo‘lib o‘tdi.

Foto: Al Jazeera

“Kolumbiyaning har bitta burchagiga tinchlik va xotirjamlikni olib kelish uchun biz tinmasdan mehnat qilamiz. Bu hayot, tinchlik hokimiyati, va uni xuddi shunday eslab qolishadi”, — dedi Petro. O‘zining inauguratsiya nutqida u narkotiklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash siyosatiga o‘zgartirish kiritishga, gender tenglikni ta’minlashga, tabiiy resurslarni himoya qilishga, shuningdek, soliqqa tortish, sog‘liqni saqlash va pensiya ta’minoti sohalarida islohotlar o‘tkazishga va’da berdi.

“Men hamma bilan, hech qanday istisnolarsiz muloqot olib boraman. Bu Kolumbiya muammolarini muhokama qilishni istagan barcha uchun ochiq eshiklar hokimiyati bo‘ladi… Bizni o‘tmishning yuki emas, balki kelajakka intilish birlashtiradi”, — deya qo‘shib qo‘ydi prezident.

Kolumbiya prezidenti saylovi iyun oxirida bo‘lib o‘tgandi. Petro ovozlarning 50,47 foizini qo‘lga kiritib, g‘olib bo‘ldi. Uning raqibi, liberal Rodolfo Ernandes 47,27 foiz ovoz to‘pladi. Ovoz berishda saylovchilarning qariyb 58 foizi qatnashdi. Petroga Fransiya Markes vitse-prezident bo‘ldi, u inson huquqlari va atrof-muhit himoyasi harakati vakilidir.

Gustavo Petro 62 yoshda. Talabalik davrida u so‘l radikal partizanlarning “19-aprel harakati” a’zosi bo‘lgan, uning ko‘magida 1991-yilda Kolumbiya Vakillar palatasi (mamlakat parlamenti — Kongressning quyi palatasi) deputatiga aylangan. 1994—1998-yillarda Kolumbiyaning Belgiyadagi elchixonasida ishlagan, so‘ng yana Vakillar palatasi deputati bo‘lgan. 2006-yildan 2010-yilgacha Senat (parlament yuqori palatasi) deputati bo‘lgan.

2010-yilda birinchi marta prezidentlikka nomzodini qo‘ygan, biroq yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmagan (ovozlarning 9 foizini olgan). Bir yildan keyin u mamlakat poytaxti — Bogota meriga aylangan. Ayni paytda Kolumbiya so‘l siyosiy kuchlari yetakchisi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlay boshlagan. 2018-yilda yana prezident saylovlarida qatnashdi, ikkinchi bosqichga chiqdi, biroq 54 foiz ovoz olgan konservator Dukega yutqazdi.