Misrlik vositachilar 7-avgust kuni kechqurundan boshlab G‘azo sektorisda sulh e’lon qilishni taklif etdi, deya ma’lum qildi Reuters Misr xavfsizlik organlaridagi manbalariga tayanib. Isroil shunday muzokaralarni olib borayotgani haqida The Jerusalem Post gazetasi ham diplomatik manbalariga tayanib yozgandi.

G‘azo sektori

Foto: AP Photo

Reuters suhbatdoshiga ko‘ra, Isroil Misr taklif qilgan shartlarga rozi bo‘lgan. Ammo “Islom jihodi” guruhi vakili Isroil tashkilotning talablarini qabul qilmagunicha o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirmasligini ma’lum qildi. 7-avgust kuni kechki payt Tel-Avivda havo trevogasi sirenalari ishga tushgan.

Isroil bosh vaziri Yair Lapid 7-avgust kuni G‘azo sektoridagi “Tong” operatsiyasining barcha maqsadlariga erishilgani va uni davom ettirishdan ma’no yo‘qligini aytgandi.

5-avgust kuni Isroil Mudofaa armiyasi “Tong” operatsiyasi boshlangani haqida e’lon qildi, uning davomida G‘azo sektoridagi bir qancha obyektlarga zarbalar berdi. Isroil da’vo qilishicha, hujumlar oqibatida “Islom jihodi”ning ikki qo‘mondoni Taysir al-Jabboriy va Xalid Mansur halok bo‘lgan. “Islom jihodi” guruhi uch kun ichida Isroil aholi punktlari, shu jumladan, Tel-Aviv va Quddusga qarata 935 tadan ortiq raketa uchirgan.

Uch kun mobaynida G‘azo sektorida qariyb 30 nafar falastinlik halok bo‘lgan, ularning kamida uch nafari — tinch aholi vakillari. “Temir gumbaz” raketaga qarshi tizim sharofati bilan Isroil tomonida hech kim halok bo‘lmagan, ushbu tizim, Isroil harbiylari ma’lumotlariga qaraganda, raketalarni 97 foizlik ehtimol bilan urib tushiradi.