O‘zbekistonning Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahridagi elchixonasi ko‘magida mazkur mamlakatda faoliyat ko‘rsatadigan “Ajlan & Bros Holding Group Company” kompaniyasi va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida Hamkorlikka oid anglashuv memorandumini ishlab chiqish muhokamasiga bag‘ishlangan videomuloqot tashkil etildi, deb xabar bermoqda Dunyo axborot agentligi.

Qayd etilishicha, onlayn suhbat chog‘ida “Ajlan & Bros” kompaniyasi vakillari hozirgi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatib borayotgani va respublika nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki butun dunyo hamjamiyatidagi o‘zining munosib o‘rnini tobora mustahkamlab borayotgani aytgan.

Shu o‘rinda, kompaniya tomonidan hozirgi kunlarda O‘zbekistonning meva-sabzavot va asalarichilik sohalaridagi loyihalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritish hamda mamlakatda yetishtirilgan mahsulotlarni Saudiya Arabistoniga import qilish ustida ish olib borayotgani ma’lum qilgan.

Shu bois O‘zbekiston elchixonasi tomonidan ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar darajasi hisobga olingan holda ikki tomon o‘rtasida hamkorlikka oid Anglashuv memorandumi imzolash taklif etilgan. Taklif ikki tomonga ham ma’qul kelgan

Uchrashuv yakunida Saudiya Arabistoni tomoni memorandum loyihasini taqdim etib, qisqa fursatlarda mazkur hujjatni imzolash bo‘yicha o‘zbek tomonining fikr-mulohazalarini olishga umid bildirgan.