Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida paxta tozalash zavodining ma’muriy binosi dastlab noqonuniy sotib yuborilgani, shuningdek davlat manfaatiga 32 milliard so‘m zarar keltirilgani aytilmoqda. Bu haqda “Daryo”ga Beshkent paxta tozalash zavodi aksiyadorlik jamiyati a’zosi Eshqobil Pardayev ma’lum qildi.

Eshqobil Pardayevning ma’lumot berishicha, u Qarshi shahridagi “Sulton tex group” MCHJda yurist-konsult bo‘lib ishlaydi.

Bizning mas’uliyati cheklangan jamiyat Beshkent paxta tozalash aksiyadorlik jamiyatining 17 foiz aksiyasiga egalik qiladi. Shu sabab MCHJning ikki nafar xodimi aksiyadorlik jamiyatining Kuzatuv Kengashi a’zosi hisoblanadi. Beshkent paxta tozalash zavodi direktori Bekzod Mengliyev aksiyadorlar fikri, roziligini olmay zavodning ma’muriy binosini buzib, sotib yubordi. Shuningdek, zavod tumanda tashkil etilgan kooperatsiya ta’sischilaridan biri edi. Va asosiy ulush zavodga qarashli edi. Kooperatsiya o‘tgan yili 77 milliard so‘m daromad qildi. Demak, zavod ta’sischisi sifatida daromaddan ulush olishi kerak edi. Zavodning 51 foizi davlatga qarashli ekani hisobga olinsa, shu daromadning katta qismi — taxminan 32 milliard so‘mi davlatga dvident sifatida to‘lanishi kerak edi. Aksiyadorlik jamiyati mas’ullari nafaqat aksiyadorlarni, davlatni ham aldayapti”, — deydi Eshqobil Pardayev.

Eshqobil Pardayev.

Foto: “Daryo”

Murojaatchining aytishicha, u bu haqda viloyat prokuraturasiga ham shikoyat qilgan.

Viloyat prokuroriga kirib mazkur masala haqida murojaat qildim. Bo‘layotgan nohaqliklarni aytdim. Ammo natija yo‘q. Davlat va jamiyat manfaatlariga shuncha zarar keltirilayapti, ammo mas’ullar tomoshabin bo‘lib turishdan nariga o‘tmayapti”, — deydi Eshqobil Pardayev.

Beshkent paxta tozalash zavodi Kuzatuv Kengashi raisi Ziyodulla Safarov murojaatchi Eshqobil Pardayevning gapini tasdiqladi.

Eshqobil Pardayev.

Foto: “Daryo”

Bir vaqtning o‘zida ‘Silver fiber agro kooperasiyasi’ ishlab chiqarish kooperativi ta’sisichisi hamda paxta tozalash zavodi direktori vazifasini bajargan Bekzod Mengliyev vakolatidan foydalanib, Vazirlar Mahkamasi qarorisiz sotilishi mumkin bo‘lmagan zavod ma’muriy binosini sotib yuborgan. Buni Kuzatuv Kengashi va aksiyadorlar bilib qolgach, zavod binosining oldi-sotdi shartnomasi bekor qilinib, binoni ijaraga berish to‘g‘risida shartnoma tuzilgan. Ko‘p o‘tmay Vazirlar Mahkamasining qarori chiqqach, bino qonuniy tartibda sotilgan.

Shuningdek, ikkinchi ayblov — ya’ni daromadga kirgan kooperatsiyaning ta’sischiligidan chiqib, daromadini yashirgan. Bekzod Mengliyev bir vaqtning o‘zida ham Beshkent paxta tozalash zavodi direktori ham ‘Silver fiber agro kooperasiyasi’ ta’sischilaridan biri edi. Shuning uchun u kooperatsiya dastlab tuzilganda zavodni ta’sischisi sifatida kiritib, zavod imkoniyatlaridan foydalanib keldi. Kooperatsiya daromadga kirgan yili esa kooperatsiya mas’uli sifatida Beshkent paxta tozalash zavodi direktori ya’ni o‘ziga xat chiqarib, zavodni kooperatsiya ta’sischiligidan chiqarib tashladi. Sababi kooperatsiya daromadga kirgandi. Bu daromaddan nafaqat aksiyadorlar, Beshkent paxta tozalash zavodining 51 foiz ulushiga egalik qilayotgan davlat ham ulush olishi kerak edi”, — deydi Ziyodulla Safarov.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan Bekzod Mengliyev bu vajlarni inkor etuvchi axborot berishini aytdi. Biroq, oradan ancha vaqt o‘tsa-da har xil bahonalar qilib, hech qanday hujjat taqdim qilmadi.

Viloyat prokuraturasi axborot xizmati mazkur masala yuzasidan prokuraturaga murojaat bo‘lganini, holat o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.