O‘zbekiston va Qirg‘iziston bahsli chegara bo‘yicha barcha masalalarni 2022-yilda yakunlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 9-avgust kuni Cho‘lpon-Ota shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumat vakillari delegatsiyalari o‘rtasida ikki davlat chegarasining muayyan hududlarini demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha muzokaralar boshlandi.

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi maxsus vakili Nazirbek Borubayevning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar qirg‘iz-o‘zbek chegarasining ilgari kelishilmagan qismlari bo‘yicha pozitsiyalarni aniqlashtirish niyatida.

Uning qayd etishicha, bugungi kunda mamlakatlar chegarasining 1170 kilometr qismi aniqlashtirilgan, endilikda qolgan qismlar masalasini  hal qilish lozim. Nazirbek Borubayevning ta’kidlashicha, ikki mamlakat hukumatlari chegara masalasini 2022-yilning o‘zida hal qilishni rejalashtirishmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara uzunligi 1378 kilometr bo‘lib, uning 85 foizi aniqlashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 17-may kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston maxsus xizmatlari rahbarlari vertolyotda qirg‘iz—o‘zbek chegarasining belgilanmagan qismini ko‘zdan kechirgandi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston rasmiylarining ikki mamlakat chegarasini demarkatsiya qilishning tashkiliy-huquqiy masalalari bo‘yicha 4–8-iyul kunlari Andijonda  bo‘lib o‘tgan navbatdagi maslahatlashuvda tomonlar davlat chegaralari demarkatsiyasi jarayonini tartibga soluvchi normativ-huquqiy va texnik hujjatlar loyihalarini ishlab chiqqandi.

Mavzuga doir: O‘zbekiston—Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishildi